“Real” sardori Serxio Ramos hamda Pilar Rubiolarning nikoh to‘yiga tashrif buyuruvchi mehmonlar ro‘yxati ma’lum bo‘ldi. Bu haqda AS xabar berdi.

Foto: Getty Images

Manbaga ko‘ra, Ramos va Rubiolarning visol oqshomida “Real” prezidenti Florentino Peres va klub bosh murabbiyi Zinedin Zidan ishtirok etadi. “Qirollik klubi” o‘yinchilaridan Lukas Vaskes, Luka Modrich va Keylor Navas to‘yga taklif etilgan.

Bundan tashqari ro‘yxatdan “Barselona”ning 3 nafar futbolchisi Jerar Pike va uning rafiqasi Shakira, Jordi Alba va Serxio Buskets, Ispaniya terma jamoasi va “Real” sobiq bosh murabbiyi Visente del Boske, Ispaniya terma jamoasning ayni damdagi bosh murabbiyi hamda “Barselona” sobiq ustozi Luis Enrike, Madrid klubi sobiq o‘yinchilari Roberto Karlos, Raul Gonsales, Fernando Yerro, Ronaldo, Devid Bekhem va Iker Kasilyas o‘rin egallagan.

To‘y oqshomi 15-iyun kuni Sevilyada bo‘lib o‘tadi.

Ma’lumot uchun, Ramos va Rubio 2012-yildan beri birga. Ularning Serxio Junior, Marko va Alexandro ismli uch nafar o‘g‘il farzandi bor.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!