Xalqaro press klub Farg‘onada “O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimi: islohotlarning yangi bosqichi, muammolarning chuqur tahlili va tezkor yechimlar” mavzusida sessiya o‘tkazdi. Bu haqda O‘zA xabar qiladi.
Unda viloyat hokimligi mutasaddilari, oliy ta’lim muassasalari rektorlari va prorektorlar, professor-o‘qituvchilar, talabalar, ish beruvchi korxona va tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Unda viloyatdagi oliy o‘quv yurtlarida amalga oshirilayotgan ishlar hamda bugun dolzarb bo‘lib turgan juda muhim masalalar, muammoli vaziyatlar tahlil qilindi.
Qayd etib o‘tilganidek, bugun respublikada mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlarga arzon ishchi kuchi sifatida emas, aksincha, salohiyati yuksak, raqobatdosh kadrlar deb qaralmoqda. Shunga monand ravishda yigit-qizlarni ta’lim olish jarayonidayoq o‘z mutaxassisligi bo‘yicha tegishli korxona, tashkilot yoki muassasaga amaliyot o‘tashi uchun yo‘naltirish, bandligini ta’minlashga mas’uliyat bilan yondashilyapti. Boshqacha aytganda, erta-indin oliy o‘quv yurtini bitirish arafasida turgan har bir mutaxassis qo‘liga diplom olgach, qachon, qayerda va qanday qulayliklar evaziga mehnat faoliyatini boshlashini yaxshi biladi. Bu esa uning kelajakka ishonchi mustahkamligidan, aniq maqsad hamda qat’iy pozitsiyaga ega ekanidan dalolat beradi.
Mamlakatda hayotga izchil tatbiq qilinayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayonida yoshlar bandligi ustuvor vazifa sifatida belgilangani bejiz emas. Lekin keyingi vaqtda oliy ta’lim muassasalarida vujudga kelayotgan ayrim kamchilik va muammolar ta’limdagi islohotlarni jonlantirish zarurligini ko‘rsatmoqda. Vodiy viloyatlari qatorida Farg‘onadagi oliy ta’lim muassasalarida ham ana shunday kamchiliklar borligi mazkur sessiyada ochiq-oydin aytib o‘tildi. Bugungi kunda viloyatda 8 ta oliy o‘quv yurti faoliyat ko‘rsatmoqda.
Farg‘onadagi oliy ta’lim muassasalaridan tayyorlangan tanqidiy ruhdagi lavha efirga uzatildi. Xususan, Farg‘ona politexnika institutidagi obodonlashtirish yumushlariga beparvo qaralayotgani, Farg‘ona davlat universiteti va Toshkent tibbiyot akademiyasi Farg‘ona filialida o‘quv xonalarining ayanchli ahvoli, TATU Farg‘ona filialida talabalar uchun texnika jihozlarining yetishmasligi, internet tezligi va sifatining pastligi ana shu lavhada aniq misollar asosida namoyish etildi. Shuningdek,Qo‘qon davlat pedagogika instituti oldida yo‘l harakati xavfsizligi masalasi jiddiy e’tibor talab qilayotgani, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Farg‘ona mintaqaviy filiali hamda Toshkent davlat texnika universiteti Qo‘qon filiali talabalar turarjoylaridagi (ilgari kollejga tegishli bo‘lgan binolar) bir qator vaziyatlar tahlil etildi.
Ko‘tarilgan muammolar yuzasidan oliy ta’lim muassasalari rahbarlariga turli savollar berildi. Rektorlar va filiallar direktorlari mavjud vaziyat va uni bartaraf etish bo‘yicha o‘z fikrlarini bayon qildi.Oliy ta’lim rivojiga qaratilayotgan yuksak e’tibor va rag‘bat tufayli keyingi yillarda mamlakatda dunyoning eng rivojlangan davlatlari oliy o‘quv yurtlari filiallari tashkil etildi. Bu esa o‘z navbatida sohada milliy va xorijiy tajribani taqqoslash imkonini ham bermoqda. Press-klub sessiyasida ayni shu xususiyatlar haqida ham so‘z yuritildi. Ushbu mavzu yuzasidan Latviyaning axborot tizimlari menejmenti Oliy maktabi (ISMA) Prezidenti, professor va akademik Roman Dyakonning fikrlari tinglandi. Ushbu nufuzli oliygohning Farg‘onada tashkil etilgan filialida ilk saboqlarni o‘zlashtirgan talabalar Diyorbek Homidov hamda Halimjon O‘rinboyevlar Oliy maktabning afzalliklari, o‘qituvchilarning bilim va tajribasi, zamonaviy o‘qitish uslublari haqida so‘zladi.
Oliy ta’lim tizimini sifat jihatidan yuqori bosqichga ko‘tarish, kadrlar salohiyatini yuksaltirish, yoshlarga nazariy bilim berish barobarida, korxona hamda tashkilotlarda amaliy ko‘nikmalarini oshirishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish doimiy e’tibordagi masalalardan biri hisoblanadi. Talabalar uchrashuv chog‘ida bu boradagi savol va takliflar bilan mutaxassislarga yuzlandi.
Xalqaro press klubning sayyor sessiyasida amaliyotchi korxonalar va soha mehnat faxriylarining ham fikrlari tinglandi. Ta’lim muassasalarida eski va yaroqsiz darsliklardan foydalanilayotganiga tanqidiy baho berildi. Talabalarning mutolaa madaniyatini oshirish, kitob qadri haqida qimmatli mulohazalar ta’kidlab o‘tildi.
Izoh (0)