“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar veb-portalida bankomatlar orqali naqd pul olinganda foiz to‘lovini chegaralash to‘g‘risida petitsiya joylashtirildi.
Petitsiya muallifiga ko‘ra, hozirda plastik kartadagi pulni naqdlashtirish jarayonida to‘lov 1 foiz etib belgilangan. Agarda 1 million so‘m naqd pul naqdlashtirsa, unda 10 ming so‘m qo‘shimcha haq olib qolinadi. Boshida tekin bo‘lgan bu amaliyot ayni vaqtda 1 foiz etib belgilandi, deb yozadi Sputnik.
“Bank muassasalari buni bankomatga ketadigan xarajatlar: internet, texnik ta’minot, nazorat qilish kabi xarajatlarni qoplash uchun olinadi deb tushuntirdi. Mayli, bankning o‘z xarajatlari borligini tushungan holatda 1 foizga qarshilik yo‘q, lekin qancha ko‘p pul yechib olsangiz, shuncha ko‘p mablag‘ yo‘qotasiz. Agarda siz 5 million so‘m naqdlashtirsangiz, 50 ming, 10 million so‘m naqdlashtirsangiz, 100 ming so‘m yo‘qotasiz. Boshqacha aytganda, qancha ko‘p naqdlashtirsangiz, shuncha zararga tushasiz! Bu masalani ko‘rib chiqish va aholiga qulayliklar yaratish kerak”, — deb yozgan muallif.
Petitsiyada quyidagilar taklif qilindi:
— birinchidan, bankomat orqali 1 million so‘mdan ortiq mablag‘ yechilganda, 10 ming so‘mdan (ya’ni 1 millionning 1 foizi) ko‘p foiz ushlanmaslik;
— ikkinchidan, agar foydalanuvchi bir oy davomida bankomatdan pul naqdlashtirsa, qaysi bankomatdan pul naqdlashtirganidan qat’i nazar faqat 1 martagina foiz ushlash;
— uchinchidan, qancha ko‘p pul yechilsa, foiz to‘lovi shuncha kamayib borish (1 milliongacha 1 foiz, 5 milliongacha 0,5 foiz va h.k.);
— to‘rtinchidan, bankomatlar o‘zlari tegishli bo‘lgan bank plastik kartochkalaridan foiz ushlamasligi.
Izoh (0)