Buyuk Britaniyada yashovchi fuqaro Italiya poytaxtiga otlanib, navigatorga “Rim” so‘zini xato kiritgani sabab Germaniyaga kelib qoldi, deb xabar beradi “Korrespondent.net”.

Foto: Mirror

Germaniya politsiyasining ma’lumotlariga ko‘ra, Nyukaslda istiqomat qiluvchi 81 yoshli fuqaro o‘zining navigatoriga Rome emas Rom deya yozgan. Natijada u Italiya poytaxtidan 1440 kilometr uzoqlikda joylashgan Germaniyaning Shimoliy Reyn-Vestfaliya yerlaridagi Rom qishlog‘iga kelib qolgan.

Bu ham yetmaganidek, erkak navigator ko‘rsatgan manzilga yetib kelganida mashinadan tushayotib, uning qo‘l tormozini tortmagani sabab avtomobil simyog‘ochga borib urilgan.

Foto: Mirror

Shundan so‘ng yordamga politsiya yetib kelib, vaziyatni o‘rgangan.

Sodir bo‘lgan voqealarga qaramasdan qariya yana Rim tomon yo‘l olgan.