“Real” Yevropa komissiyasiga qarshi sud jarayonida g‘alaba qozondi, deya xabar berildi klubning rasmiy saytida.
Klub 2011-yil Madrid shahri kengashi bilan yer maydonini sotish bo‘yicha tuzilgan bitimda davlatdan yordam olishda ayblanayotgandi.
“Real” 1998-yilda shaharning Las Tablas tumanidan yer sotib olgandi, 2011-yilda esa klub o‘ziga tegishli bo‘lgan sport majmuasi joylashgan yerni 22 million yevroga sotib yuboradi.
“Qirollik klubi” buning evaziga shahardan “Santyago Bernabeu” yaqinidagi yer maydoniga ega bo‘ldi. Stadion rekonstruksiya qilingach bu yerda kelajakda mehmonxona va savdo markazi barpo etilishi ko‘zda tutilgandi.
Klub davlatdan yordam olganlikda ayblanib, 2016-yilda pullarni Madrid hokimiyatiga qaytarib berishga majbur bo‘ladi. Natijada “Real” apellyatsiyaga berib, sud jarayonida yutib chiqdi.
Sud qaroriga ko‘ra, “Real Madrid” 18,4 million yevroga qo‘shimcha ravishda 2 million yevro foiz ham oladi. Shuningdek, sud Yevropa komissiyasi gardaniga “Real”ning sud jarayonida ketgan barcha xarajatlarini qoplashni yukladi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)