AQSh Qurolli Kuchlari rezervdagi ofitserlarni tayyorlash korpusining bir guruh kursantlari O‘zbekiston oliy harbiy ta’lim muassasalarida bo‘lib, bo‘lg‘usi ofitserlar bilan o‘zaro tajriba almashmoqda, bu haqda Mudofaa vazirligi “Daryo”ga ma’lum qildi.
Oldin xabar berganimizdek, amerikalik kursantlar Qurolli Kuchlar akademiyasida o‘tkazilgan anjumanda qatnashgan edi. Shuningdek, mehmonlar Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti hamda Chirchiq oliy tank qo‘mondon-muhandislik bilim yurtida ham bo‘ldi. AQShlik kursantlarga dastlab bilim yurti faoliyatini aks ettiruvchi taqdimotlar namoyish qilindi. Mehmonlar ta’lim jarayoni, o‘zbekistonlik tengdoshlarining harbiy ta’lim olishi uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Ushbu uchrashuv avvalo ikki davlat yoshlarining o‘zaro fikr almashishi, erkin va do‘stona muloqoti uchun zamin yaratdi.
Amerikalik mehmonlarga harbiy institut kursantlari bilan birgalikda o‘zbek milliy taomi — palovni pishirishlari uchun imkoniyat yaratib berildi.
“To‘g‘risi men juda katta taassurotlarga ega bo‘lyapman. Birinchisi, kursantlarning bilimli va xushmuomalaligi meni qoyil qoldirgan bo‘lsa, keyingisi mamlakatingizning ming yillik tarixga ega madaniyati qiziqishimni yanada oshirdi”, — deydi Florida universiteti kursanti Julissa Rojas.
Ta’kidlash kerakki, AQSh qurolli kuchlari vakillari uch hafta davomida o‘zbekistonlik kursantlar bilan harbiy, madaniy tadbirlar, nazariy va amaliy mashg‘ulotlar orqali o‘zaro tajriba almashishlari ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, xorijlik mehmonlar o‘zbekistonlik kursantlar tomonidan poligonda bajarilgan amaliy mashg‘ulotlarini kuzatib, o‘zaro fikr almashdi.
Izoh (0)