Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga a’zo mamlakatlar, shuningdek, Argentina, Braziliya, Kosta-Rika, Kolumbiya, Peru va Ruminiya sun’iy intellekt bilan ishlash borasidagi asosiy prinsiplarni kelishib oldi, deb xabar beradi “Korrespondent”.

Foto: “Korrespondent”

Tashkilotning Parijda o‘tkazilgan yig‘ilishida aytilishicha, sun’iy intellekt sohasidagi yangiliklar shaffof amalga oshirilishi, ularga o‘rnatiladigan tizimlar tegishli markirovkaga ega bo‘lishi lozim.

Bundan tashqari sun’iy intellektda foydalaniladigan tizimlar “ishonchli va barqaror ishlashi, potensial xavflar uchun doimo sinovdan o‘tib turishi kerak”.

Bu kabi tizimlar bilan ishlovchi tashkilotlar va insonlar mazkur prinsiplarga amal qilinishiga javobgar.

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining taklifi yuridik majburiyat hisoblanmaydi.

“Sun’iy intellekt bizning hayotimiz va mehnat faoliyatimizni tubdan o‘zgartirib yuboradi. U iqtisod va jamiyatga oid ko‘plab imkoniyatlarni taqdim etadi. Shu bilan birga etika borasidagi masalalarni ham ko‘taradi”, — deydi tashkilot rahbari Anxel Gurria.