Har yilning 18-may kuni mudhish sana — qrimtatar xalqining deportatsiyasi yodga olinadi. Qrim juda uzoq bo‘lishiga qaramay, bu voqealar O‘zbekistonga ham bevosita aloqador. “Daryo” kolumnisti G‘ayrat Yo‘ldosh ushbu tarixiy voqea tafsilotlarini hikoya qiladi.
1944-yil, 18-may. Erta tong, soat 4:00. Qrimni birdaniga NKVDning oldindan tayyorlangan 32 ming xodimi bosdi. Xodimlar butun Qrim bo‘ylab xonadonlarga bostirib kirdi. “Tez turing, biz sizni ko‘chiramiz. Jo‘nashingiz uchun sizlarga 5 daqiqa vaqt beriladi. O‘zingiz bilan faqat ust-bosh olishga ruxsat, qolgan narsalarga tegmang”.
Yarim orolda yashovchi qrimtatarlar saharlab nega NKVDchilar eshiklarini tepib, sindirib, xonalarga bostirib kiryapti, nega uyg‘otyapti, nega ularni ko‘chirmoqchi, qayerga ko‘chirishadi, umuman, gap nimadaligini tushunib yetgunicha biroz dovdirab turdi. Ularga Oliy bosh qo‘mondonning buyrug‘ini o‘qib berishganida esa hammalari karaxt ahvolga tushdi. Buyruqqa ko‘ra, Qrim yarim orolidagi qrimtatar millatiga mansub aholi bor-yo‘g‘i bir yarim sutka ichida, 18-may, tongi soat 4:00 dan, 20-may, kechki 16:00 gacha uylarini bo‘shatib qo‘yib, yarim oroldan olib chiqib ketilishi kerak. Qochganlanlar ushlanganda, shuningdek, chiqib ketishni xohlamaganlar o‘sha zahoti otib tashlanadi.
Qrimni katta bir falokat qopladi. Odamlar NKVD xodimlarining turtkilashlari ortidan faqatgina kiyim-kechaklarini oldi xolos. Shundan so‘ng ularni olib borib yuk tashishga moslashgan vagonlarga tiqib, noma’lum tomonlarga qarab olib ketishdi. Mayning issiq havosida vagonlarda dimiqib qanchalab odam yo‘lda halok bo‘ldi. Qolganlari amallab yetib keldi. Keyinchalik, qrimtatar millatiga mansub odamlarning tan olishicha, ularning baxti bor ekan: ko‘pchiligini O‘zbekistonga olib kelib tashlashdi.
“O‘shanda bizni O‘zbekistonda, jallod Stalin bizga tuhmat qilib peshanamizga ‘sotqinlar’ deb yorliq yopishtirib qo‘yganiga qaramasdan, ancha hamdardlik bilan, iliq kutib olishdi. O‘zbeklar bir burda nonlarini, uylarini biz bilan bo‘lishdi. Agar o‘shanda hammamizni Sibirga olib borib tashlashganda dunyoda bitta ham qrimtatar qolmasligi mumkin edi” deb eslashadi, bugun o‘sha dahshatli kunlarni guvohi bo‘lgan qrimtatar qariyalar.
O‘shanda hisobotlarda “umumiy 200 mingga yaqin qrimtatar ko‘chirildi” deb Qrimdan ko‘chirilgan tatarlarning sonini kamaytirib ko‘rsatishgani keyinchalik aniq bo‘ldi. O‘shanda Qrimdan qariyb yarim million aholini surgun qilishgan va ularning mutlaq ko‘pchiligi qrimtatarlar bo‘lgan. Ko‘chirilganlarning esa qariyb 90 foizi ayollar va yosh bolalar edi.
Surgun qilingan qrimtatarlarning bir qismi yo‘lda, yana bir qismi esa 1945–1946-yillardagi ocharchilikda halok bo‘lib ketgan.
O‘sha dahshatli kunlar guvohi bo‘lgan Ayriya Bagisheva so‘zlaydi:
Otamning frontga ketgan kunlarini yaxshi eslayman. U frontga ketgunicha kolxozda ishlardi. Otam ketganidan so‘ng onam, men va singillarim qoldik. Uyimiz Yevpatoriyaga yaqin qishloqlardan birida edi. Hovlimizda tomorqamiz, sigir, kurkalarimiz bor edi. Qishloq yaqinida harbiylar joylashgan edi. Ularning vazifasi Simferopol va Sevastopol tomonga uchib o‘tishga uringan nemis samolyotlarini urib tushirish edi. Biz ularga ularga oziq-ovqat olib borar edik.Ayriya ta’lim ololmadi. Urush davom etayotgani uchun bu haqda o‘ylashning o‘zi oshiqcha edi. Ularda yashash uchun ishlash va urush tugashini kutishdan boshqa imkoniyat bo‘lmagan.Kuchlar teng bo‘lmagani uchun og‘ir janglardan so‘ng nemislar baribir bizning qishloqqacha yetib keldi. Ularning eng birinchi ishi uyma-uy yurib, yahudiylarni qidirish bo‘ldi. Qishloqda qolgan keksalar va ayollar yoshi kattaroq, o‘smir yoshdagi bolalarni nemislar Germaniyaga jo‘natib yubormasin deb, duch kelgan joyga yashirdi. Shu tariqa o‘smir bolalarni saqlab qolishdi. Yosh bolalarga esa ular teginishmadi.
Kunlar o‘tdi. Nemislar yengilib, ortga chekindi. Qrim ozod bo‘ldi.Bugungi kunda Qrimda o‘sha-o‘sha dahshatli kunlar eslanganda Ayriya xonimga o‘xshab “men ko‘rganman”, “men guvohi bo‘lganman” deb o‘sha og‘ir kunlarni o‘z boshidan o‘tkazgan insonlar judayam kam qolgan. Ular o‘sha og‘ir kunlarni yosh avlod zinhor unutmasligini xohlaydi.“Sovet qo‘shinlari kelganda biz ‘o‘zimiznikilar keldi’ deb qichqirib xursand bo‘lganmiz. Ammo…
Ammo 1944-yilning 18-may sanasida, sahar payti eshigimizni kimlardir tepib sindirib uyimizga kirdi. Qarasak, qizil yulduzchali pogonlari bor amakilar ekan. Biz hayron bo‘ldik. Oldiniga “nemis ayg‘oqchi-qo‘poruvchilari o‘zimiznikilarning formasini kiyib, qaytib kelib qo‘poruvchilik qilib yuribdi” deb ham o‘yladik. Ular “tez jo‘nanglar, sizlarni ko‘chiramiz” deb tinmay baqirar edi. Nega ko‘chirishadi? Qayerga ko‘chirishadi? Birozdan keyin ma’lum bo‘ldiki, la’nati Stalin bizlarni — qrimtatarlarni vatanimizdan, jonajon Qrimimizdan surgun qilish haqida qaror qabul qilgan ekan. Kelib, eshigimizni tepib sindirib uyimizga kirganlar sovet harbiylari kiyimidagi nemislar emas, o‘zimizning NKVDchilar ekan. O‘shanda bizni qisqa muddatda yuk vagonlariga tiqib, noma’lum tarafga jo‘natib yuborishdi. Yuk vagonlarida tiqilib, ustma-ust bo‘lib ketar ekanmiz, kimlardir ko‘z o‘ngimizda turli sabablar bilan vafot etar, bekatlarga yetib borguncha issiqda sasiy boshlagan o‘lik bilan yonma-yon ketar edik. Bekatlarda o‘liklarni tushirib olib qolishar edi. Hamma burnini ro‘mol bilan bog‘lab olgan, ammo vagondagi sassiq hidga baribir toqat qilib bo‘lmas edi. Yo‘lda vafot etganlarning aksariyati go‘dak bolalar edi.
Shundan so‘ng uzoq yurib bir bekatda to‘xtadik. Hammamizni tushirishdi. Keyin olib borib baraklarga yoki qarovsiz uylarga joylashdi. Keyin bilsak, O‘zbekistonga, Toshkent yaqinidagi Chirchiq shahri atrofidagi sovxozga olib kelishgan ekan. Oradan biroz o‘tib onam vafot etdi va biz yolg‘iz qoldik. Singillarimni boqish uchun men harakat qilishim lozim edi. Shunda bekatga chiqib qo‘shiq aytib yurdim. Urushdan qaytayotgan askarlar menga non va boshqa yeguliklar berardi. Bir marta bir askar 10 so‘m pul berganda yig‘lab yuborganman. O‘shanda militsiyadan qochib yurishga to‘g‘ri kelar edi. Mabodo ularning qo‘llariga tushib qolganimda ham o‘zimning qrimtatar ekanimni bekitar va “qozontatarman” derdim. O‘zbek militsionerlari insofli edi va qo‘lga tushib qolsam har safar qo‘yib yuborardi. Ammo baribir bir kun bizlarni bolalar uyiga topshirib yuborishdi. U yerda voyaga yetib, Angrendagi konga ishga borganimdan keyin singillarimni qidirib topganman.
14 yoshimda Angrendagi konda ishlay boshladim. Ish stajimning hammasi shu yerda o‘tdi. Shu yerda u turmush o‘rtog‘im bilan tanishdim. U bilan oila qurdik. Uch nafar farzandli bo‘ldik. Oradan uzoq yillar o‘tdi. Kunlardan bir kun bizga Qrimga qaytishimiz mumkinligi haqida xabar berishdi. Turmush o‘rtog‘im va uch nafar farzandimiz bilan Qrimga qaytdik. Ammo yuragim O‘zbekistonda qolgan. Bu yurtni o‘lgunimcha bizga bergan mehri uchun unuta olmasam kerak. Farzandlarim O‘zbekistonda tug‘ilgani uchun o‘zlarini hanuzgacha o‘zbekistonlik deb hisoblaydi; ular Qrimda tug‘ilgan nabiralarimga O‘zbekiston ikkinchi vatanimiz ekanini, o‘zbeklarni qayerda ko‘rishsa ham, har qanday holatda ularga hurmat ko‘rsatishni, yordam berish lozimligini ta’kidlab tarbiya berdi. O‘zbekiston nafaqat bizning, balki millionlab qrimtatarlarning ikkinchi vatanidir.
Har yili 18-may kuni butun Qrim yarim oroli bo‘ylab o‘sha og‘ir va mash’um kunni, uning qurbonlarini xotirlash kuni bo‘lib o‘tadi. O‘zbekistonda qolgan o‘n minglab qrimtatarlar ham xotira tadbirlariga chiqadi. O‘sha kuni qrimtatarlar o‘sha mash’um kunlar guvohi bo‘lgan keksa yoshdagi insonlarni yo‘qlaydi, qatag‘on munosabati bilan barpo etilgan xotira majmualariga boradi. O‘tganlar ruhiga Qur’on tilovati qilinadi.
Qrimtatar xalqini 1944-yil, 18-mayda, Qrimdan deportatsiya qilgan bo‘lishsa, oradan yillar o‘tib, 1967-yilda SSSR Oliy Soveti 1944-yilda qrimtatarlarning o‘z uylaridan surgun qilinishi xato bo‘lganini tan oldi. Faqatgina 1989-yilga kelib Oliy Sovet qrimtatarlar deportatsiyasini “noqonuniy va jinoiy bo‘lganini” rasman tan oldi. Oxirgi yillarda Latviya va Ukraina parlamentlari qrimtatarlar deportatsiyasini genotsid deb tan oldi.
O‘shandan so‘ng surgun qilingan jafokash xalqning asosiy qismi yashaydigan O‘zbekistondan ularning bir qismi o‘zlarining tarixiy vataniga ko‘chib ketdi. Bir qismi esa bugungi kunda ham O‘zbekistonda, o‘zbek xalqi bilan bir oila bo‘lib hamjihatlikda yashamoqda.
Bugun o‘sha mash'um sanaga 75 yil bo‘lipti. Qrimtatarlar fojiasini bugun anglash uchun kishi o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurtidan hech bir aybsiz quvg‘in bo‘lishi kerak. Aks holda bu millat boshiga tushgan og‘ir musibatlarni to‘laqonli anglab yeta olish mushkul.
Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.
Izoh (0)