2018/19-yilgi mavsum Yevropa Ligasining hal qiluvchi bahsida Londonning ikki klubi — “Arsenal” va “Chelsi” o‘zaro bahs olib boradi.
“Kanonirlar” musobaqa yarim finalida “Valensiya”ni ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 7:3 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa, “ko‘klar” “Ayntraxt”ni penaltilar seriyasida yutdi (2:2, penaltilar seriyasi — 4:3).
Eslatib o‘tamiz, mavsum boshida ikkala jamoaning ham bosh murabbiyi o‘zgardi — Unai Emeri “Arsenal”da Arsen Venger o‘rnini egallagan bo‘lsa, Mauritsio Sarri esa hamyurti Antonio Konte “Chelsi”ni tark etgandan so‘ng jamoa boshqaruvini o‘z qo‘liga oldi.
Shu tariqa yoki Emeri, yoki Sarri Premyer ligadagi debyut mavsumidayoq jamoasi bilan sovringa ega chiqadi.
Bundan tashqari Emeri 4-marotaba o‘z jamoasini Yevropa Ligasining finaliga qadar olib chiqdi. Ispaniyalik mutaxassis 2014-yildan 2016-yilga qadar ketma-ket 3 marotaba mazkur musobaqa chempioniga aylangan. O‘shanda Emeri “Sevilya” bosh murabbiyi bo‘lgandi.
Ma’lumot uchun, 47 yoshli mutaxassis “to‘pchilar”ni 2018-yilning may oyidan beri boshqarib keladi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)