22-aprel kuni O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida respublikadagi axborot-kutubxona muassasalar faoliyati rivojida dunyo tajribasini o‘rganishga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbir 24-26 aprel kunlari Xorazm viloyatida o‘tkaziladigan “Central Asia – 2019: Fan, ta’lim, madaniyat va biznesda internet va axborot-kutubxona resurslari” XIII Xalqaro anjumani doirasida tashkil etildi. Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbirda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi rahbar va mutaxassislari, hamkor davlat tashkilotlari vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi. Unda Urganch shahrida bo‘lib o‘tadigan Xalqaro anjumanning ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tildi.
“Xalqaro anjuman mohiyati Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan besh tashabbusning to‘rtinchisiga, ya’ni aholi, ayniqsa, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish g‘oyasiga hamohangdir, – dedi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Kitob savdosi va axborot-kutubxona resurslari bo‘limi rahbari V.Hamidov. – Fan, ta’lim, madaniyat, biznes sohalarida elektron axborot resurslarni qo‘llash va bunda axborot-kutubxona muassasalari, o‘quv yurtlari, arxivlar, muzeylar hamda boshqa tashkilotlarning hamkorligini kengaytirish lozim. Shu nuqtayi nazardan, kutubxonalar ishining muammolari, ularning innovatsion rivojlanish yo‘llarini izlash bugungi kunda dolzarb ahamiyat kasb etadi”.
Toshkent shahar “Bilim” axborot-kutubxona markazi direktori H.Karimova, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi fundamental kutubxonasi direktori Z.Berdiyeva 400 dan ziyod mutaxassis qatnashadigan ushbu Xalqaro tadbirning tajriba almashish uchun katta maydon bo‘lishi, respublika miqyosida soha rivojiga amaliy ta’sir ko‘rsatishini e’tirof etdi.
“Bu yilgi konferensiyada 10 ta xorijiy davlatdan 26 nafar ekspert ishtiroki kutilmoqda, – dedi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva. – Mahalliy mutaxassislardan 80 dan ziyod maqola kelib tushdi. Ular konferensiya dasturi va ilmiy to‘plamdan o‘rin oladi. Tadbir doirasida respublikamizda axborot-kutubxona muassasalarining bugungi kundagi holati, sohada mavjud dolzarb muammolar tahlil qilinib, tajribalar tinglanadi, istiqboldagi rejalar belgilab olinadi”.
“Central Asia – 2019: Fan, ta’lim, madaniyat va biznesda internet va axborot-kutubxona resurslari” Xalqaro anjumanida kitob va kitobxonlik, Milliy umumta’lim elektron kutubxonasi, UzNEL dasturining ishlash jarayoni, MDH va xorijiy davlatlar yirik kutubxonalari bilan aloqalarga alohida e’tibor qaratilishi rejalashtirilgan.
Tadbir yakunida AQSh Oregon shtati Portlend shahri kutubxona jamg‘armasi ijrochi direktori Merris Sumrall, Qozog‘iston Milliy kutubxonasi Nodir kitoblar va qo‘lyozmalar xizmati rahbari Tolkin Zamzayevalar bilan istiqboldagi hamkorlik rejalari muhokama qilindi.
Izoh (0)