Bugun,

  • USD 11014.01
  • RUB 191.8
  • EUR 10674.78

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi sudyasi Sardor Sodiqov poytaxtdagi bozorlar rahbarlari ishi bo‘yicha majlis boshlanishidan oldin “Gazeta.uz” muxbiri Shuhrat Latipovni sud zalidan chetlashtirdi, deb yozmoqda “Daryo” — Live.

Foto: “Gazeta.uz”

Foto: “Gazeta.uz”

18-aprel kuni 14:00 da Toshkentdagi bir qator bozorlar rahbarlari hamda shahar departamenti amaldorlariga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud majlisi rejalashtirilgan edi. Majlis oldidan muxbir sudya kotibidan sud jarayoni audiosini yozib olish uchun diktofondan foydalanish mumkinligini so‘raydi. Kotibning iltimosi bilan unga jurnalist guvohnomasi ko‘rsatiladi.

Sudya Sardor Sodiqov zalga taxminan 15:16 da kirib keldi. Bu vaqtda binoda 70 nafarga yaqin kishi, jumladan 11 nafar sudlanuvchi (ish bo‘yicha jami 22 kishi sudlanmoqda) va 12 nafar advokat yig‘ildi. Sudlanuvchilardan birining advokati majlis oldidan sudyaga jurnalistlar zalni tark etishini so‘rab murojaat qildi. U mazkur ishning ommaviy yoritilishini istamagan o‘z himoyasi ostidagi shaxsning aybsizlik prezumpsiyasi masalasini tilga oldi.

Sardor Sodiqov jurnalistlarga majlisda ishtirok etishni taqiqlay olmasligini ma’lum qildi, biroq hukm chiqarilguniga qadar ishni OAVda yoritmaslik shartini qo‘ydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hukm chiqarilganidan so‘ng press-brifing tashkil etilib, jarayon tafsilotlari ma’lum qilinadi. “Gazeta.uz” muxbiri esa sud majlisining ochiq ekani, qonunchilikka ko‘ra, ochiq sud majlislarida ishtirok etish hamda jarayonni yoritish huquqiga ega ekanini ta’kidladi.

Shu munosabat bilan sudya Sodiqov jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi raisi Baxtiyor Islomovning yaqindagi chiqishini esga oldi. Yunusobod tumanining sobiq hokimi Baxtiyor Abdusamatov ishi bo‘yicha izoh berar ekan, u barcha OAV sud tartibida aybi isbotlanguniga qadar aybsizlik prezumpsiyasiga amal qilishi kerakligini qayd etib o‘tgan edi.

“Hech kim shaxsni poraxo‘r deb atash huquqiga ega emas, u aybdor emas deb hisoblanadi. Ayrim ommaviy axborot vositalari esa aybsizlik prezumpsiyasiga rioya qilmaydi. Biz ulardan qonunchilik bilan tanishib chiqish va ularga rioya etishni talab qilamiz”, — degan edi sudya Islomov. Shu bilan birga, Baxtiyor Islomov jurnalistlar Baxtiyor Abdusamatov ishi bo‘yicha ochiq sud majlislarida erkin ishtirok eta olishlari mumkinligini ta’kidlagandi.

Jurnalist ishni yoritish vaqtida ushbu tamoyilga rioya etish maqsadida ekanini ma’lum qildi. Sardor Sodiqov boshqa advokatlar va sudlanuvchilardan o‘zining “Gazeta.uz” muxbirini zalga qo‘ymaslik to‘g‘risidagi iltimosini qo‘llab-quvvatlashini so‘radi. Ulardan ayrimlari, jumladan zaldagi ko‘pchilik odamlar uning g‘oyasini ma’qulladi.

Sudya yana bir marta jurnalist majlisda ishtirok eta olishini, biroq uni keyinchalik yorita olmasligini ta’kidladi. Muxbir esa, shunga qaramasdan, sud majlisi haqida yozishini ma’lum qildi. Bu gapdan so‘ng Sardor Sodiqov uning zalni tark etishiga buyruq berdi. Asoslar haqida so‘zlar ekan, u Jinoyat-protsessual kodeksiga murojaat qilib, ochiq sud majlislarida alohida shaxslarning sud zalida bo‘lishini taqiqlash huquqiga ega ekanini ta’kidladi.

Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi)ga muvofiq, barcha sudlarda jinoyat ishlari oshkora ko‘riladi, bundan davlat sirlarini qo‘riqlash manfaatlariga zid keladigan hollar, shuningdek jinsiy jinoyatlar to‘g‘risidagi ishlar ko‘rilayotgan hollar mustasno. Sud majlisi zalida tartibni saqlab turish uchun zarur bo‘lgan hollarda, sud ayrim shaxslarning sudning ochiq majlislarida hozir bo‘lishini taqiqlashga haqli. Biroq “Gazeta.uz” muxbiri hech qanday tartiblarni buzgani yo‘q edi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Samarqandda to‘yda yo‘qolib qolgan 4 yoshli bolaning jasadi quduq ichidan topildi
Retseptlar
Pechda pishirilgan qovoq: mazali retseptlarni tayyorlab ko‘ring
Dunyo
Shimoliy Koreya bir haftada to‘rtinchi marta ballistik raketalarni uchirdi