Termiz shahridagi harbiy qismlardan birida Janubiy-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi serjantlari forumi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi mas’ul xodimlari, serjantlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari qatnashib, serjantlar tarkibining xizmat jarayonidagi ijtimoiy-maishiy va boshqa turdagi muammolarini o‘rganish hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Tadbirda Kichik komandirlarga milliy armiyani yanada isloh etish va rivojlantirishga oid normativ-huquqiy hujjatlar talablari hamda ustuvor vazifalarni mazmun mohiyatini yetkazish, bo‘linmada jangovar tayyorgarlik hisobini yuritish tartibi, shuningdek, jinoyatchilik va harbiy intizomni mustahkamlashda serjantlar tarkibining tutgan o‘rni va roli bo‘yicha vazifalarini yetkazishga e’tibor qaratildi.
Tadbirning birinchi kunida turli mashg‘ulotlar, savol-javob tarzida uchrashuvlar o‘tkazilib, barcha qatnashchilarning fikr va mulohazalari tinglandi.
Ikkinchi kuni esa, kompyuterlashtirilgan trenajyorlardan foydalangan holda otish mashqlari, psixologik chidamlilik to‘siqlarini yengib o‘tish, shaxsiy tarkib kundalik faoliyatini ta’minlash va omon qolish omillari bo‘yicha poligonda amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Forum yakunida harbiy xizmatchilar madaniy tadbirlarda ishtirok etdi.
Shuningdek, bu kabi Serjantlar forumi Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligida ham bo‘lib o‘tdi. Serjantlar xizmatining ahamiyati borasida so‘zlangan ma’ruzalar barchaga birdek ma’qul bo‘ldi.