San-Fransiskoda yashovchilar, milliarder qo‘shnilarining chiqindixonasini kovlab, topgan “xazinalarini” sotib kun ko‘radi, deb yozadi “ForumDaily”.
56 yoshli urush faxriysi Jeyk Orta Facebook asoschisi Mark Sukerbergning 10 million dollarli uyi yaqinida hukumatga qarashli uy-joyda yashaydi.
Orta Texasning San-Antonio shahrida tug‘ilgan va oilada 12 nafar boladan biri bo‘lgan. O‘n yildan ziyod u AQSh Havo kuchlarida xizmat qilgan. U Germaniyada, Koreyada va Saudiya Arabistonida bo‘lgan. U Amerika Qo‘shma Shtatlariga qaytib kelganida xotini uni tashlab ketgandi. Keyinchalik Orta alkogolizmdan davolangan hamda boshpanasiz qolgan. U San-Fransiskoga ko‘chib o‘tdi va besh yil avval uysizlar faxriylarga yordam berish dasturida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Kechalari u chiroq bilan qurollanib, Sukerbergning chiqindixonasidan “xazina” izlaydi.
Facebook bosh direktorining axlat qutisida u ishlaydigan fen, changyutgich va qahva mashinasini, boshqa bir chiqindixonadan iPad topgan.
“Bir odamning axlati — boshqa odamning xazinasi”, — deydi veteran.
Erkak topgan narsasini sotib, kuniga 30 dan 40 dollargacha pul topadi. Bunday faoliyatdan o‘rtacha daromad haftasiga 300 dollarni tashkil qiladi.
Ma’lum bo‘lishicha, Kaliforniya shtatida axlat yig‘ish noqonuniy hisoblanadi, sababi axlat qutilaridagi chiqindi axlat yig‘ish shirkatining mulki sanaladi, ammo bu qonun amalda kamdan-kam qo‘llaniladi.
Chiqindilarni to‘plash tendensiyasi San-Fransiskodagi boy va kambag‘al aholi o‘rtasidagi tobora o‘sib borayotgan farqni ko‘rsatadi.
AQSh aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlarini tahlil qilish shuni ko‘rsatadiki, San-Fransiskodagi turli sinflardagi o‘rtacha daromadlar o‘rtasidagi farq 339 900 dollarni tashkil qiladi.
Izoh (0)