2019-yil 25-martdan 29-martga qadar Vashingtondagi Jahon bankining bosh ofisida Jahon bankining “Yer va hayot ko‘rsatkichi” mavzusida 20-xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi xabar berdi.
Mazkur tadbirda Qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Maqsud Ruzmetov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etgan. Ta’kidlab o‘tish kerakki, ushbu tadbir yer resurslarini boshqarish sohasidagi keng miqyosdagi xalqaro konferensiyalardan biri bo‘lib, unda 1500 davlat boshqaruvi xodimlari, olimlar, fuqarolik jamiyati a’zolari ishtirok etgan.
Konferensiya mobaynida O‘zbekiston delegatsiyasi Fazoviy ma’lumotlar infrotuzilmasini yaratish bo‘yicha yig‘ilishlarda ishtirok etib, rais o‘rinbosari Maqsud Ruzmetov va LX (Koreya) kompaniyasi prezidenti Chang Hak Choy bilan O‘zbekiston yer fondining sifat va miqdoriy ko‘rsatkichlarini grafik va qonuniy hisobga olishni avtomatlashtirish uchun mo‘ljallangan yer axborot tizimini yaratish bo‘yicha uchrashuvi bo‘lib o‘tgan.
Konferensiyaning uchinchi kuni Osiyo mamlakatlari delegatsiyalari yig‘ilishida M.Ruzmetov O‘zbekistonda yer tuzish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar va loyihalar to‘g‘risida taqdimot qilgan.
Konferensiya davomida delegatsiya Florida shtati (AQSh), Melburn (Avstraliya), Tvente (Gollandiya), Praga (Chexiya) universiteti professorlari hamda Finlyandiya milliy yer xizmati mutaxassislari bilan uchrashgan. Uchrashuvlarda Qo‘mita mutaxassislari tomonidan joylardagi ma’lumotlar infratuzilmasini rivojlantirish, 3D kadastr yaratish, fotogrammetriya, ilmiy ish, ushbu sohalarda pilot loyihalarni tashkil etish imkoniyatlari, o‘quv tizimlari va baholash tizimidagi hamkorlik masalalari bo‘yicha o‘qitish, qisqa kurslarni tashkil etish masalalari muhokama qilingan.
Izoh (0)