4-aprel kuni International Aerospace Committee (IAC) hamda “Raqamli ishonch” jamg‘armasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi, unda o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirish, shuningdek, memorandumning maqsadlariga erishish uchun axborot almashish ko‘zda tutilgan, deya xabar beradi “UzDaily”.
Tomonlar bir-biriga zaruriy o‘zaro ma’muriy va huquqiy yordam ko‘rsatishga, shuningdek, qo‘shma loyihani amalga oshirish masalalari yuzasidan maslahat berishga tayyorligini bildirgan.
Tomonlar O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan aviatsiya, kosmik, energiya va yer resurslari sohasidagi yuqori texnologik loyihalarni moliyalashtirish uchun birgalikda ishlashga kelishib oldi.
Memorandum doirasidagi loyihalardan biri shveysariyalik Tudor Tech kompaniyasi texnologiyasining transferi bo‘ladi. Bu texnologiya samolyotlar va boshqa turdagi transport vositalari uchun dunyodagi birinchi va yagona rentgenli skaner texnologiyasi bo‘lib, tezkor va ishonchli xavfsizlikni nazorat qilish usuli hisoblanadi. Texnologiya portlovchi moddalarni, qurol-yarog‘, giyohvand moddalar, naqd pullarni noqonuniy olib o‘tish hollarini aniqlashning samarali vositasi bo‘lib, yuqorida aytib o‘tilgan tahdidlarning 100 foiz aniqlash imkonini beradi.
Uchrashuv doirasida Jizzax viloyatida O‘zbekiston Respublikasida skanerlar ishlab chiqaradigan zavod qurish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma qaror qabul qilindi. Ishlab chiqarilgan skanerlar nafaqat mintaqada, balki butun Osiyoda aeroportlarning xavfsizligini ta’minlaydi. Ushbu jiddiy loyihani amalga oshirishda International Aerospace Committee (IAC) Shveysariyadan to‘liq sarmoya jalb qilish orqali Fondga yordam beradi.
Izoh (0)