O‘zbekiston Adliya vazirligi davlat organlari va tashkilotlarida xodimlarning huquqiy bilimlarini oshirish maqsadida huquqiy maslahat kurslarini tashkil etib kelmoqda. Bu haqda Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi “Daryo”ga xabar berdi.
Navbatdagi kurslar Maktabgacha ta’lim vazirligi hamda Toshkent shahar va Toshkent viloyatidagi tarkibiy bo‘linmalari xodimlari uchun tashkil etilgan.
Ushbu kurslardan maqsad davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, sohaga doir qabul qilingan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini ularga batafsil tushuntirishdan iborat.
Kurslar “respublika – viloyat – tuman (shahar)” uch pog‘onali prinsipi bo‘yicha tashkil etilmoqda, ya’ni butun respublika bo‘ylab barcha darajadagi tashkilotlarni qamrab olish maqsad qilib qo‘yilgan.
Shu maqsadda Adliya vazirligida maxsus ishchi guruh tashkil etilgan bo‘lib, uning tarkibiga vazirlik mutaxassislari, Toshkent davlat yuridik universiteti va Yuristlar malakasini oshirish markazi professor-o‘qituvchilari jalb qilingan.
Bu galgi kurslar ham odatdagidek 5 ta yo‘nalish (modul) bo‘yicha o‘tkazilgan. Dasturga ko‘ra Konstitutsiya va inson huquqlari, mehnat qonunchiligi normalari, murojaatlar bilan ishlash, korrupsiyaga qarshi kurash hamda sohaga oid qonunchilik mavzularida tushuntirish ishlari olib borilgan.
Mashg‘ulotlar davomida faqat huquqiy ma’lumotlar berish bilan cheklanilmagan, jumladan, xodimlarning qonun hujjatlaridan xabardorlik darajasi o‘rganilgan va tahlil qilingan. Buning uchun maxsus so‘rovlar va test sinovlari o‘tkazilgan.
Mashg‘ulotlar sodda va tushunarli tilda, turli innovatsion usullardan foydalangan holda tashkil etilgan.
Ma’lumot uchun: Shu kunga qadar o‘quv kurslari Xalq ta’limi, Qurilish Mudofaa, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirliklari, “Davergeodezkadastr” qo‘mitasi, Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi hamda uning tarkibidagi tizimlarda muvaffaqiyatli bo‘lib o‘tgan.
Izoh (0)