O‘zbekistonda kimyo sanoatida 12,1 milliard AQSh dollariga teng xorijiy investitsiyalar va kreditlar hisobiga 31 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Bu Prezidentning “Kimyo sanoatini yanada isloh qilish va uning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ko‘zda tutilgan.
Mazkur qaror bilan quyidagilarga qaratilgan 2019—2030-yillarda kimyo sanoatini rivojlantirish dasturi ma’qullandi:
Azotli, fosforli, kaliyli va murakkab mineral o‘g‘itlarni, shu jumladan, ushbu mahsulotlarni “Navoiyazot” AJ, “Samarqandkimyo” AJ, “Farg‘onaazot” AJ, “Qo‘qon superfosfat zavodi” AJ, “Ammofos-Maksam” AJ, “Dehqonobod kaliy zavodi” MChJ negizida, shuningdek, Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahri va Navoiy viloyatining Tomdi tumanida ishlab chiqarish bo‘yicha amaldagi quvvatlarni modernizatsiya qilish, kengaytirish hamda energiya jihatidan samarador yangi quvvatlarni barpo etish;
“O‘zbekneftgaz” AJ bilan birgalikda va yetakchi xorijiy kompaniyalar ishtirokida hamda ilg‘or texnologiyalar va zamonaviy innovatsion ishlanmalarni qo‘llagan holda polimer mahsulotlari, shu jumladan, polietilentereftalat (PET), polivinilxlorid (PVX), sintetik kauchuk, polistirol, poliuretan, poliol, akrilonitril-butadiyen-stirol (ABS) plastik, poliakrilonitril (PAN) mahsulotlarini chiqarish bo‘yicha yangi ishlab chiqarishlarni barpo etish;
Tarmoq korxonalarining mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish samaradorligini, ularning negizida iqtisodiyot tarmoqlarida talab etilayotgan kimyoviy mahsulotlarning yangi turlarini, shu jumladan, melamin, metilamin, formaldegidli, karbamid-formaldegidli va melamin-formaldegidli saqichlar, etilatsetat, ozuqa tuzi, natriy bikarbonati, xlor-sirka kislotasi, natriy nitrati, butilatsetat, trinatriy fosfat, nitrotsellyuloza, metallurgiya, neftgaz va to‘qimachilik sanoatlari uchun reagentlar, katalizatorlar va kimyoviy qo‘shilmalar, shuningdek, polimer fitinglar, biaksil yo‘naltirilgan polipropilen plyonkasi (BOPP), o‘simliklarni kimyoviy himoya qilish vositalari va ularni ishlab chiqarish uchun amaldagi moddalarni chiqarish bo‘yicha ishlab chiqarish klasterlarini tashkil etish.
Izoh (0)