Andijon davlat tibbiyot institutida “Suitsidologiyaning dolzarb muammolari”mavzusida Respublika ilmiy-amaliy videokonferensiya bo‘lib o‘tdi. Bu haqda institut matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim tizimi, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tasarrufidagi tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritayotgan soha mutaxaxassislari, instituti psixiatriya va narkologiya kafedrasi xodimlari, professor-o‘qituvchilar hamda keng jamoatchilik vakillari qatnashgan tadbir avvalida ishtirokchilarga “Yashash baxti” nomli videofilm namoyish etilgan.
Konferensiyada Toshkent shahri bilan onlayn aloqa o‘rnatilgan. Sog‘liqni saqlash vazirligining bosh suitsidologi G.Perliyeva “O‘zbekistonda suitsidologiya holati va muammolari”, Toshkent tibbiyot Akademiyasi Psixiatriya va narkologiya kafedrasi mudiri Z.Ashurov “Depressiya va suitsidlar profilaktikasi”, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti psixiatriya va narkologiya kafedrasi mudiri V.Abdullayeva “Bolalar va o‘smirlardagi o‘z joniga qasd qilishning o‘ziga xos xususiyatlari” mavzusida videoma’ruza qilgan.
Andijon shahar “Eski Gumbaz” jome’ masjidining imom xatibi B.Ro‘ziboyev, viloyat IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik G.Abduvohidova, Andijon davlat universiteti psixologiya kafedrasi mudiri N.Halimova, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi bosh suitsidologi B.Hamidov va boshqa mutaxassislarning mavzuga doir ma’lumotlari hamda fikr-mulohazalari ham konferensiya ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otgan.
Ilmiy-amaliy konferensiya savol-javoblar va takliflar bilan yanada mazmunli kechgan.
Izoh (0)