Shu yilning 28-mart kuni soat taxminan 13:00 larda Samarqand shahar Ko‘ksaroy mahallasida qotillik ro‘y berdi. Bu haqda Zarnews xabar berdi.
Bu jinoyatni ikki nafar farzandning onasi, 1960-yilda tug‘ilgan, vaqtincha ishsiz I.Popova sodir etgan. U tanishi, 1949-yilda tug‘ilgan N.Yeryominaning xonadonida birgalikda tushlik qilib o‘tirib, o‘rtalarida kelib chiqqan o‘zaro kelishmovchilik oqibatida uning boshiga temir choynak bilan urib, so‘ngra bo‘g‘ib o‘ldirgan.
Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan I.Popovaga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
29-mart kuni ushbu jinoyat Ko‘ksaroy mahallasi aholisi va shahar jamoatchiligi ishtirokida muhokama etilgan.
Unda Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov, viloyat prokurori va Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i ishtirok etgan.
Viloyati hokimi jinoyat yuzaga kelishi sabab bo‘lgan omillarga to‘xtalib, bu avvalo, mahalla aholisining beparvoligi, fuqarolar yig‘ini raisi va xodimlarining, profilaktika inspektorining o‘z vazifasiga mas’uliyat bilan qaramagani oqibati ekanligini ta’kidlagan.
“Jinoyat sodir bo‘lgan xonadonni borib ko‘rib, shunga amin bo‘ldikki, u yerda anchadan buyon mana shunday mudhish oqibat ro‘y berishiga olib keluvchi muhit bo‘lgan. Lekin bunga qarshi na mahalla, na profilaktika inspektori va na xotin-qizlar qo‘mitasi chora ko‘rgan. Bu ikki ayolning ichkilikka ruju qo‘yganligini aytishyapti. Shunday bo‘lsa, nega hududga mas’ul oilaviy poliklinika mas’ullari yoki mahalla shu paytgacha ularni ro‘yxatga olish, sog‘lomlashtirish choralarini ko‘rmagan? Mana, beparvolik, mas’uliyatsizlikning oqibati”, – dedi E.Turdimov.
Yig‘ilishda mahalla raisi H.G‘aniyev o‘z vazifasiga noloyiq deb topilgan, uchastka noziri faoliyati bo‘yicha ichki xizmat tekshiruvi boshlangani ma’lum qilingan.
Izoh (0)