Markaziy Osiyoda o‘zining dizayni, me’morchilik uslubi, barcha qulayliklari bilan yagona deya e’tirof etilayotgan Compass savdo ko‘ngilochar markazi yonidan “Qo‘yliq” bozoriga olib o‘tuvchi yo‘l osti yo‘lagidan ertalab yoki kechqurun o‘tishning iloji yo‘q, deya yozadi O‘zA.
Ushbu yer osti yo‘li bugun gohi “yoyma”, gohi mahmadona, yelimsifat kirakash-u tilanchi-talonchilarning manzil-makoniga aylanib qolgan. Ammo bularni qaysi idora nazorat qilishi noma’lum.
Yoymachi-chayqovchi ayollarning og‘zidan bodi kirib, shodi chiqadi.
“Bu tolkuchkani hech kim eplolmayapti”, — deydi militsiya xodimi.
Poytaxtdagi istalgan bozor yonida “To‘xtash taqiqlangan joyda” mashina turmasligini nazorat qiluvchi YPX xodimlari ishlaydi. Lekin ularning ham mana shu yer osti yo‘lining ikki tarafidagi harakat xavfsizligini ta’minlay olmayapti.
Bozor tarafdagi yo‘lak ustida haydovchilar turvolib, “Bekobodga bir kishi”, “To‘ytepaga ketamiz” deya baqirsa, u tarafida “Ippodrom, “Abu-Saxiy”, “Bek Baraka”, “Farhod” bozoriga sal kam tekinga oborib qo‘yamiz” deydi, yoxud tillafurushlar “dollar olamiz, tillo kimda bor, tanga-chi” deb katta shovqin-suron qiladi.
Bozor-o‘charga tushgan aholi bir yarim metr ham chiqmaydigan (qolgan joyni yoymachilarning to‘rva-etaklari egallab band qilib qo‘ygan) yo‘lakchadan o‘tishiga uzoq vaqt ketadi. Tunnel ostidagi ming xil narsa sotilmoqda: kiyim-kechak, chala pishgan qazi-qarta-yu hatto suyakkacha. Yo‘lak o‘rtasiga stol qo‘yib qo‘lbola atir-upa sotayotgan o‘quvchi bolalar ham bor.
Bularning barchasi aholiga juda katta noqulaylik tug‘dirmoqda.
Izoh (0)