O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining xabariga ko‘ra, poytaxtda joriy yilning 1—7-aprel kunlari Rossiya Federatsiyasi Madaniyat vazirligining ko‘magida XV “Rossiya gullari” Xalqaro madaniyat festivali bo‘lib o‘tadi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Festival doirasida bir qator uchrashuvlar, treninglar, konsert dasturlari namoyish etiladi. Jumladan, “Rossiya va O‘zbekistonda bolalarni tarbiyalash va qo‘shimcha ta’limda sotsial-madaniy faoliyat an’analari” mavzusida davra suhbati, mahorat darslari va sahna nutqi bo‘yicha amaliyot, shuningdek, “Domisolka” bolalar musiqali teatrining “Domisolka biz bilan!” shou-dasturi rejalashtirilmoqda.
Rossiyalik musiqachi, bastakor, musiqa prodyuseri, cholg‘u va vokal ansambli sinfi bo‘yicha “Domisolka” bolalar musiqali teatri yetakchi pedagogi Nikolay Chermoshensev bilan estrada vokali bo‘yicha ijodiy uchrashuv hamda mahorat darsi, Rossiyada va xorijda rus tilini xorijiy til sifatida o‘qitishda ta’lim texnologiyalari va ijtimoiy-madaniy jihatlar xususida davra suhbati o‘tkaziladi.
Bundan tashqari, Sankt-Peterburg teatrining “Alvon gul” spektakli namoyish etiladi. “Badiiy nutq” yo‘nalishi bo‘yicha shahar bolalar qo‘shimcha ta’limi pedagoglari o‘quv-uslubiy birlashmasi rahbari – Svetlana Beloshenko operatorlik san’ati va rus nutqi madaniyati bo‘yicha trening o‘tkazadi. Rus teatri va kinosi artisti, taniqli va nufuzli pedagoglardan biri Andrey Shimkoning aktyorlik mahorati bo‘yicha mahorat darsi tashkil etiladi.
6 dan 16 yoshgacha bo‘lgan san’at maktablari o‘quvchilarining eng yaxshi asarlari jamlangan “Rossiya – bolalar nigohida” bolalar rasmlari ko‘rgazmasi o‘tkaziladi.
“Rossiya gullari” loyihasi 2013-yilda yaratilgan va o‘tgan davrda Praga, Vena, Milan, Myunxen, Xelsinki, Bratislava, Afina va boshqa shaharlarda dasturni taqdim etgan. Festivalning asosiy g‘oyasi – chet ellik tomoshabinlarni oilalilar auditoriyasiga mo‘ljallangan san’at bilan tanishtirish va bolalar ijodiga qiziqish uyg‘otishdan iborat.
Izoh (0)