“Daryo” kolumnisti Abdulazizxon Akramov navbatdagi maqolasida filmlarga o‘zgacha yondashishga harakat qilib ko‘radi.
Filmlarni yoshlikda va ulg‘ayganda boshqacha qabul qilarkansan. Bolalikda kino bir ermak bo‘lsa, ulg‘ayganda undan chuqurroq ma’no qidira boshlarkansan. Shundan kelib chiqib, o‘zim yaxshi ko‘radigan bir-ikki kino haqida ba’zi fikrlarimni o‘rtoqlashsam.
“Zorro”
Bu kinoni ilgari ko‘rsam, boshqacha ruhlanib ketardim. Yangi versiyada ham Antonio Banderas Zorro rolini ajoyib ijro etadi. Ilgari bu kinoni ko‘rsam, faqat uning qilichbozligi-yu chaqqonligi, ot minishi, raqslari va hech narsadan tap tortmasligi yoqardi. Endi bu kinoni ko‘rsam faqat bir narsa xayolimga keladi. Ezilgan xalq doimo shunday qahramonlar bilan o‘z dardi, orzu-armonlari ushalishini ko‘radi. Uning qiyofasi va imkoniyatlari orqali o‘zida yo‘q jasoratlarni unda topadi. Uni olqishlaydi, e’zozlaydi,sevadi. Muttasil va ketma-ket nohaqliklari, huquqlari poymol bo‘layotgan xalq hattoki jinoyatchi qiyofasidagi qahramonni sevadi. Garchi bosh qahramonni qasos alangasi ilhomlantirsa-da, o‘sha davrdagi amerikalik amaldorlari, birovning mehnati evaziga insofsizlarcha boyiyotgan va xalqni qul qilib ishlatayotganlarga qarshi kurashishi u xalq orasida najotkor sifatida tanilishiga sababchi bo‘ladi. Niqob kiyib olgan epchil qilichboz har xil afsonaviy xususiyatga ega sun’iy qahramonlarga o‘xshamaydi. U ham oddiy odam — sevadi, azob chekadi, yig‘laydi. Shu tufayli xalqqa yaqinroq turadi.
Endi bu kinoni ko‘rsam asta-sekin o‘zim va yaqin atrofimdagilar qarshi kurasha olmayotgan korrupsiya, xalqni ezadigan har turli o‘lpon, qarorlar, monopoliya va boshqalar narsalarga qarshi shunday bir qahramon bo‘lishini orzu qila boshladim. Ammo u kinodagi qahramon bo‘lib qolaveradi.
“Temir xotin”
Avvallari uni komediya janrida olingan kino deb o‘ylar edim. Ammo ulg‘aygach, tushundimki bu tragikomediya ekan. O‘zbek kinematografi kamdan-kam yaxshi kino yaratadi, ayniqsa hozir. Menimcha, bu kinoning asosiy yutug‘i uning kuchli asarga tayanib yozilgan ssenariysidir. Sharof Boshbekovning shu nomli pyesasi asosida yozilgan ssenariy o‘zbekona soddalik bilan birga ajoyib bir falsafani ilgari suradi. Bosh qahramon — traktorchi Qo‘chqor. Aksariyat o‘zbekning tipik xarakteri bor erkak. Sodda, biroz dovdirroq. Ammo hukumatni qattiq hurmat qiladigan, paxta uchun umrini sarf qilishdan toymaydigan qahramon. Alomatxon — professor Olim tomonidan yaratilgan sinov roboti. U inson bo‘lishga tirishadi. Qo‘chqor esa undan tinmay insonlikni talab qiladi.
Asar falsafasini men quyidagicha uqqanman. Mana shunday og‘ir davrda, tinimsiz mehnat, adolatsizlik, xo‘rlikka hatto temir robot ham chiday olmaydi. Yana bu yerda o‘zbekning paxtaga bog‘liq achchiq fojiasi ham juda chiroyli ochib berilgan. Kinodagi kulminatsion nuqta — Qo‘chqorning yig‘lashi. Biz ham Qo‘chqorga o‘xshab ichimizga juda ko‘p narsalarni yutamiz. Biz ham yig‘lolmaymiz, faqat zaharxanda bor. O‘zbeklik degan o‘lcham nahotki aynan yuvoshlik, har narsaga ko‘nish va soddalik bilan ifoda etilsa? Hali O‘zbekistonda Qo‘chqorlar juda ko‘p.
“Zamonlar osha”
Fransuz kinoijodkorlari tomonidan ishlangan komediya juda ajoyib chiqqan. Qayta-qayta ko‘rsa ham zerikmaydi odam. Bosh rolni Jan Reno o‘ynagan. Yuqoridagi kinolardan farqli o‘laroq, bunda unchalik chuqur falsafa yo‘q. Faqat qahramonlarning sehr yordamida turli davrlarga tushib qolishi tufayli kulgili holatga tushib qolishi tasvirlangan.
Men bu kinoni ko‘ra turib ko‘pincha bir narsani o‘ylayman. Shunday sehrgarlar bo‘lganda va menda ham zamondan zamonga o‘tish imkoniyati bo‘lsa, qaysi zamonga o‘tib yashashni istar edim?
Qachon xalqim o‘ziga to‘q, ozod, qonunlar amalda va farovon yashagan? Amir Temur davridami? Bir-biriga qarshi tish qayragan xonliklar davridami? Yoki bizni istilo qilgan Rossiya davridami? Yoki mustaqillikning 25 yillik ilk davridami? O‘ylanib qolaman. Menimcha, sehrgar bo‘lsa ham, qaysi davrga o‘tishni bilmay qolar edim. O‘zbek qachon farovon va baxtli yashagan davrni bilsangiz, balki menga maslahat berarsiz?
Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.
Izoh (0)