“Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi” aksiyadorlik jamiyatida yangi 61-931 rusumdagi nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus kupeli shtab vagoni ishlab chiqarildi. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” xabar berdi.
Ushbu vagon mijozlar talab va istaklariga ko‘ra, zavod muhandis-konstruktorlari tomonidan loyihalashtirilgan. Mutaxassislar vagonda imkoniyati cheklangan insonlar uchun bir qator qulayliklarni yaratishga alohida e’tibor qaratgan. Xususan, vagon va kupening kirish qismi, yo‘laklar kengaytirilgan. Eng muhimi, nogironlik aravachasini olib chiqish uchun maxsus ko‘taruvchi moslama o‘rnatilgan.
Yangi ishlab chiqarilayotgan vagonning 60 foiz butlovchi qismlari mahalliylashtirish dasturi bo‘yicha korxonaning o‘zida tayyorlanmoqda. Xususan, isitish va sovitish tizimlari, elektr boshqaruv pulti, yuqori va past kuchlanish maxsus elektr moslamasi, telejkalar O‘zbekiston milliy mahsuloti hisoblanadi.
Aksiyadorlik jamoasi shu kunlarda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus vagonlar ko‘rgazmasini Qozog‘iston Respublikasida o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Ayni kunda 2 ta tayyor mahsulot mijozlarga yetkazilgan.
Izoh (0)