Rossiya Federatsiyasining Tver shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo mamlakatlar Mudofaa vazirlari kengashi tarkibiga kiruvchi davlatlarning oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlari o‘rtasida informatika fani bo‘yicha xalqaro olimpiadaga start berildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati “Daryo”ga xabar qildi.
22-martga qadar davom etadigan xalqaro olimpiadaning mazkur yo‘nalishida O‘zbekiston Mudofaa vazirligiga qarashli oliy harbiy ta’lim muassasalaridan ham vakillar ishtirok etmoqda.
Rossiya Federatsiyasi Harbiy kosmik kuchlari akademiyasi tashkilotchilik qilayotgan olimpiadaning ushbu yo‘nalishida kursantlar umumiy hamda mutaxassislik tayyorgarligi shartlari bo‘yicha o‘zaro bellashadi.
Eslatib o‘tamiz, 2018-yilda Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida informatika fani bo‘yicha bo‘lib o‘tgan bahslarda al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Maxsus fakulteti (hozirgi Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti) kursantlaridan iborat jamoa birinchi bor ishtirok etishiga qaramay faxrli 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan edi.
Olimpiadaning navbatdagi yo‘nalishlari bo‘yicha bellashuvlar 24—29-mart kunlari Armanistonning Dilijon shahrida Ingliz tili bo‘yicha (Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti jamoasi), 20—25-aprel kunlari Qozog‘istonning Karaganda shahrida matematika fani bo‘yicha hamda Rossiyaning Ryazan shahrida Harbiy-kasbiy tayyorgarlik bo‘yicha (Qurolli Kuchlar akademiyasi jamoasi) bo‘lib o‘tadi.
Ta’kidlash kerakki, 19—23-mart kunlari Sankt-Peterburg shahrida oliy ta’limgacha muassasalar o‘quvchilarining matematika va fizika fanlaridan I xalqaro olimpiadasi ham o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Unda Mudofaa vazirligiga qarashli Farg‘ona, Urganch va Samarqand “Temurbeklar maktablari”ning o‘quvchilari ham birinchi marta ishtirok etadi.
Izoh (0)