Futzal bo‘yicha Yangi Zelandiya terma jamoasi darvozaboni Atta al-Ayyan mamlakatning Kraystcherch shahridagi masjidlardan birida ro‘y bergan otishma natijasida halok bo‘ldi.
Stuff’ning bergan ma’lumotiga ko‘ra, Kuvaytda tug‘ilgan futbolchi juma namozi vaqtida uyushtirilgan otishmada halok bo‘lgan.
Xabar berilishicha, al-Ayyan yaqinda otalik baxtiga muyassar bo‘lgandi va u Kraystcherch texnoindustriyasining mashhur a’zosi bo‘lgan.
Yangi Zelandiya futbol federatsiyasi al-Ayyanning o‘limiga oid ma’lumotlarni hozircha tasdiqlamadi, boisi ushbu ma’lumot politsiya tomonidan ham tasdiqlanmagan.
Eslatib o‘tamiz, 15-mart kuni 4 nafar qurollangan shaxs Yangi Zelandiyaning Kraystcherch shahridagi 2 ta masjidni o‘qqa tutgandi. 28 yoshli avstraliyalik Brenton Tarrant fuqarolarni otayotgani tasvirlangan videoni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgandi.
Hujum natijasida 49 nafar odam halok bo‘ldi, 50 ga yaqini esa tan jaroohati olgan.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)