2018-yilda MDH mamlakatlari orasida pul jo‘natmalari asosan O‘zbekistonga yuborilgan. Bu haqda Spot xabar berdi.
Bugungi kunda O‘zbekistonning eng katta muammolaridan biri bu o‘rta korxonalar yetishmasligi hisoblanadi.
Xabarda aytilishicha, O‘zbekistondagi beshta ishchi xodimning to‘rt nafari qishloq xo‘jaligi yoki kichik xizmatlar sektorida faoliyat olib boradi. Bundan tashqari, xodimlarning uchdan bir qismi davlat korxonalarida ishlaydi, yana uchdan bir qismi esa o‘z-o‘zini ish bilan ta’minlaydi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2018-yilda Rossiyadagi jismoniy shaxlar tomonidan chetga 9.484 milliard dollar miqdorida pul jo‘natilgan. Rossiyaga yuborilgan pul o‘tkazmalarining umumiy qiymati 2,65 milliard dollarni tashkil etgan.
“2018-yilning so‘nggi uch choragi uchun mavjud ma’lumotlarga qaraganda MDH mamlakatlari orasida pul jo‘natmalari asosan O‘zbekistonga yuborilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Xususan, 2018-yilning uchinchi choragida Rossiyadan MDH mamlakatlariga yuborilgan jami 3,759 milliard dollarning deyarli uchdan bir qismi O‘zbekistonga to‘g‘ri keladi. Yuborilgan pul miqdori — 1,254 mlrd dollar.
“Rossiyada rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan o‘zbekistonlik muhojirlar qariyb 1,1 millionni tashkil etadi va bu Turkmaniston va Qirg‘izistondan kelgan muhojirlar sonidan sezilarli darajada ko‘p, shuning uchun pul oqimlari, shu jumladan pul o‘tkazmalari raqamlar nisbati bilan mos keladi”, — deydi Univer Capital bosh strategi Dmitriy Aleksandrov.
Freedom Finance tahlilchisi Anastasiya Sosnovaning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistondan kelgan muhojirlarning ko‘pchiligi asosan qurilish, uy-joy va kommunal xizmatlarda ishlaydi, ish uchun olingan pul esa ularning oilalariga va qarindoshlariga yuboriladi.
Fevral oyi o‘rtasida Jahon banki ekspertlari guruhi O‘zbekiston haqida hisobot tayyorlagan. Ekspertlar unda mamlakatda hal qilinishi lozim bo‘lgan to‘rtta muammoni ko‘rsatgan, ular — bandlik sohasi rivojlanmaganligi, korxonalar yetishmasligi, eksport tanqisligi va energiya samaradorligining pastligi.
Hisobotda O‘zbekistonda mehnatga layoqatli fuqarolar soni jadal sur’atlarda o‘sib borayotganligi, agar hozirgi o‘sish sur’ati saqlanib qolsa 2030-yilga kelib, O‘zbekiston Yevropa va Markaziy Osiyoda (Rossiya, Turkiya, Ukraina va Polshadan keyin) beshinchi yirik ishchi kuchi mavjud mamlakatga aylanishi qayd etilgan.
Izoh (0)