2019-yilning 5-mart kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi sudyasi O‘tkir Mamadaliyev raisligida bo‘lib o‘tgan sud majlisida Samarqanddagi 64-ixtisoslashtirilgan maktab-internatining sobiq direktori Shuhrat Sadinov, tarbiyachilar Sherzod Ochilov va Zuxriddin Salimov sud zalidan ozodlikka chiqarilgani haqida xabar bergan edik. Apellyatsiya sudining yakunida, birinchi instansiya sudi hukmiga ko‘ra 8 yilga ozodlikdan mahrum qilingan Sadinovning jazosi yengillashtirilib, 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Foto: “Daryo”

“Daryo” muxbiri Farhod Norbo‘atev Samarqanddagi maktab-internatdagi dahshatlar qanchalik haqiqatga yaqin ekanligi yuzasidan jurnalistik surishtiruv olib bormoqda.

Sud ajrimiga ko‘ra Samarqanddagi 64-maxsus maktab-internatiga 2018-yilning 25-iyun kuni kelgan Suhrob Omonov Shuhrat Sadinov bilan bog‘liq holat aslida uyushtirilganligini aytib o‘tdi.

14 yoshli Suhrob Omonovning so‘zlariga ko‘ra, 2018-yilning iyul oyida maktab-internati bilan bog‘liq bolalarni qiynash, o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish kabi holatlarni OAVda tarqalishi maktab-internati tarbiyachisi Sayyora Mansurovaning oldindan belgilangan rejasi va buyurtmasi asosida amalga oshirilgan.

– Internatga kelganimdan so‘ng Sayyora Mansurova meni oldiga chaqirib, qachon kelganligimni, qo‘limdan qanday ish kelishini so‘radi, — deydi Suhrob Omonov. – Men bu yerga kelganimga 2–3 kun bo‘lganligini aytdim. Sayyora opa o‘sha vaqtda maktab-internat hovlisidagi toshlarni tozalayotgan guruhni videoga olib berishimni so‘radi. Men esa u kishi bergan telefonga holatlarni videoga olib berdim.

Suhrob Omonovning aytishicha, maktab-internat tarbiyachisi Sayyora Mansurova unga o‘zini kasallikka solib, yiqilib, xodimlarni qo‘rqitishini buyurgan. Topshiriqqa ko‘ra Omonov og‘zidan ko‘pik chiqarib, o‘zini tutqanoqqa tushganday ko‘rsatgan.

– Oxir-oqibat tarbiyachilar “shantaj” qilayotganligimni bilib qolishdi. Aldamasdan to‘g‘risini ayt deyishdi. So‘ng meni shifokorga olib bordi. Ertalab turib meni olib borgan tarbiyachimga hammasini aytib berdim, – deydi Suhrob Omonov.

Olib borilgan jurnalistik surishtiruv jarayonida ma’lum bo‘lishicha, o‘zini tutqanoq holatiga solgan Suhrob Omonovni shifokorlar turli xil dorilar bilan o‘ziga keltirishgan. Aslida soppa-sog‘ bo‘lgan Omonov kuchli ukollarning og‘rig‘iga chiday olmay oxiri haqiqatni aytishga majbur bo‘lgan. Suhrob Omonov maxsus maktab-internatiga komissiya kelganligini Sayyora Mansurovaga aytib, qilgan ishidan qo‘rqayotganligini bildirgan. Sayyora Mansurova ularga e’tibor bermay kuzatib yurishini topshirgan.

Foto: “Daryo”

– Ertasi kuni hamma joyni ichki ishlar xodimlari bosib ketdi. Men Sayyora opaga begona odamlar kelganligini, qo‘yilgan kameralarni yig‘ishtirib olaymi deb aytdim, — deydi Suhrob Omonov. – Sayyora Mansurovaning topshirig‘iga ko‘ra maktab-internatining kutubxonasi, direktor xonasi, Jasur ismli tarbiyachining xonasi, bolalar televizor ko‘radigan xona, oshxonadagi gullarning orqasiga kuzatuv kamerasi (juchok) qo‘yib chiqqan edim. Komissiya kelganidan so‘ng videokameralarni Sayyora Mansurovaning o‘zi yig‘ishtirib olishini aytdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Mansurova o‘z rejalarini amalga oshirish uchun Suhrob Omonovga muddatidan avval uyiga qo‘yib yuborishni va’da bergan. Avvaliga maktab internatidan ketishiga ishontirgan Mansurova hattoki Omonovga tahdid ham qilgan.

– Sen meni topshiriqlarimni bajarsang, men seni aytganingni qilaman, Qilmasang uydagilaringni o‘ldirib yuboraman deb tahdid qildi. Men qo‘rqib xo‘p dedim, — deydi Suhrob Omonov. – Keyinchalik Imo orqali meni kim bilandir gaplashtirib qo‘rqitdi. Soqolli, qoraroqdan kelgan odam shu opangni aytganini qilmasang uydagilaringni otib tashlayman dedi. Men qo‘rqqanimdan Sayyora Mansurova bergan topshiriqlarni bajaraman deb aytdim. Men u odamni avval ko‘rmagandim. Faqat Imo orqali ko‘rganman.

Suhrob Omonovning aytishicha, Sayyora Mansurova direktorni yo‘qotib, o‘zi direktor bo‘lishni rejalashtirgan. Qolaversa, 2017-yilda qandaydir masala uchun Shuhrat Sadinov bilan kelisholmay qolganligi uchun alamini olish maqsadida shu ishlarni qilgan. Buning evaziga esa Omonov muddatidan avval uyiga ketishi lozim bo‘lgan.

– Men Sayyora Mansurova bergan barcha topshiriqlarini bajardim. Ammo u kishi menga bergan va’dasining ustidan chiqmadi. Meni uyimga yubormadi. Aksincha, men senga hech qanday topshiriq berganim yo‘q deb o‘zini olib qochdi, — deydi Suhrob Omonov. – Uyimga jo‘natmayapsizku deb aytganimda, to‘xta, hali vaqti keladi. Vaqti kelganda men seni jo‘nataman deb aytdi. Oxiri tez yordam orqali shifoxonaga olib ketganda tarbiyachimga bo‘lgan voqealarni aytib berdim.

Suhrob Omonovning aytishicha, u Sayyora Mansurovadan Shuhrat Sadinov ishdan ketganidan so‘ng uyiga jo‘natishini so‘ragan. Ammo Mansurova men senga bu ishni qildirganim ham yo‘q, hech qanday va’da ham berganim yo‘q deb, aytgan gapini tan olmagan. Seni dalil isboting yo‘q, hech nima qila olmaysan degan.

Suhrob Omonov birinchi instansiya sudida bo‘lib o‘tgan voqealarni to‘g‘risini aytganligi uchun hatto tazyiqqa ham uchragan. Bu borada birinchi instansiya sudi hay’atiga ham aytgan. Ammo uning murojaati e’tibordan chetda qoldirilgan.

– Birinchi instansiya sudining oxirgi kunidan so‘ng Alisher Abdullayev degan maktab tarbiyalanuvchisi meni chekkaga chiqarib urdi. Nega urayapsan desam, sen aralashma, bo‘lgan voqeani bilmaysan deb menga po‘pisa qildi, — deydi Suhrob Omonov. – Sen “spalniy”ga kirsang guruh bilan “naparni” qilaman dedi. Urganidan so‘ng yig‘lab o‘tirganimda meni sudga olib borgan tarbiyachi nimaga yig‘layapsan dedi. Alisher Abdullayev urganligini aytdim.

Eslatib o‘tamiz, Shuhrat Sadinovning advokati Amriddin Sodiqov ham tarbiyachi Sayyora Mansurova 2018-yil iyul oyida bir necha sobiq tarbiyachilar, ayrim tarbiyalanuvchilar va ularning ota-onalari bilan kelishgan holda Shuhrat Sadinovga nisbatan g‘araz maqsadda, tuhmat va soxta dalillar bilan respublika huquq-tartibot idoralariga shikoyat xati uyushtirganini ma’lum qilgandi.

“Daryo” tahririyati “Sadinov ishi” bo‘yicha jurnalistik surishtiruvni davom ettirmoqda. Tez orada apellatsiya sudida Shuhrat Sadinovga qarshi ko‘rsatma bergan Bobur Salimovning iqrori hamda Buxoro shahridagi istirohat bog‘ida o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan, 64-maxsus maktab-internatining sobiq o‘quvchisi Behruz Jumaqulov bilan bo‘lib o‘tgan suhbatni e’tiboringizga havola etamiz.

Muallif:Farhod Norbo‘tayev