Britaniya politsiyasi Xitrou va London Siti aeroportlarida, shuningdek, Vaterloo vokzalida portlovchi buyumlar solingan shubhali paketlarni topib oldi. Terrorchilikka qarshi kurashish bo‘limi taftish ishlarini boshlab yuborgan. Bu haqda “Nuz.uz” xabar bermoqda.
Uchala paket ham pochta konvertiga solingan. Politsiya bu hodisalar bir-biriga bog‘liq demoqda.Paketlarni zararsizlantirish davomida hech kim jarohat olmagan.
5-mart, seshanba kuni tongda Xitrou aeroporti hududidagi Kompass markazida birinchi topilma aniqlangani haqida xabar qilingan. Keyingi uch soat davomida Londonning turli tumanlarida shunga o‘xshash paketlar topilgani haqida xabar bo‘lgan.
“Bu paketlar oq pochta konvertlariga solingan. Uning ichiga sariq konvert joylashtirib, qo‘lbola portlovchi buyumlar solingan. Buyumlar kichik portlashga sabab bo‘lishi mumkin”, — deya xabar berdi terrorchilikka qarshi kurash bo‘limi.
Uchta konvertdan ikkitasiga irland markasi yopishtirilgan. Irlandiya politsiyasi voqea yuzasidan ishga kirishgan.Xavfsizlik masalalari bo‘yicha ekspert Uill Geddes bu kabi holatlar sodir bo‘lishi tabiiy ekanini aytgan.“Transport vositalari har doim terrorchilarning e’tiborida bo‘ladi”, — deydi u.
Uning aytishicha, konvertdagi manzil qo‘lda yozilgan va bu tergov ishini ancha yengillashtiradi.
Portlovchi buyumlar topilgan hududlar yopib qo‘yilgan va u yerga hech kim yo‘latilmagan.
Voqeadan jabr ko‘rganlar yo‘q. Reyslar qoldirilmagan.
Izoh (0)