Kuni kecha, 27-fevral kuni Qarshi shahridagi Jurnalistlar uyi oldida yarim asrdan beri qo‘r to‘kib turgan ulkan chinor kesib tashlandi, deb yozadi O‘zA.
Ko‘plab jurnalistlarda haqli savol tug‘ildi: bir vaqtlar faxriy jurnalist Ziyod Yesinboyev tomonidan ekilgan bu chinor kimga kerak bo‘lmay (aslida kimga kerak bo‘lib) qoldi?
Ma’lum bo‘lishicha, jismoniy yoki yuridik shaxslar qanday sabab bilan bo‘lmasin, daraxt kesishdan avval Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilishi, ushbu markaz viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasidan mutaxassis jalb qilishi, mutaxassis holatni o‘rganib, kesish-kesmaslik masalasini hal etishi, keyin hokim ruxsatnomasi asosida o‘sha daraxtni kesish bo‘yicha qaror qabul qilinishi kerak ekan.
Biroq, Qashqadaryo viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi bioxilma-xillik va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar masalalari bo‘limi boshlig‘i Aziz Qurbonov bu bo‘yicha hech qanday qaror chiqmagani, ruxsat yo‘qligi va bu haqda boshqarmaga ham hech qanday murojaat bo‘lmaganini ma’lum qildi.
Biz daraxtni kesib tashlashga kim buyruq berganidan bexabarmiz, biroq daraxt tanasi bo‘laklanib, qaysi mebel fabrikasiga olib ketilganini bilamiz, deya ta’kidlaydi nashr.
Izoh (0)