Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi qaror orqali poytaxt brendini (logotip) tasdiqladi, deb yozadi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.
Toshkent shahar hokimligi hamda hokimlik qoshidagi Jamoatchilik kengashi tomonidan o‘tkazilgan tanlov natijasiga ko‘ra, shaharning ochiq turgan oltin darvozalari va moviy osmoni bilan birgalikda “T” harfini ifodalagan ramz eng maqbul deb topildi.
Yangi logotipdan O‘zbekiston va xorijda o‘tkaziladigan turistik ko‘rgazma hamda savdo yarmarkalarida, turistik obyektlarda, xarita, bosma va elektron nashrlarda; sayyohlar uchun mo‘ljallangan esdalik sovg‘alari, libos boshqa mahsulotlarda, shuningdek Toshkent shahri turizmiga bag‘ishlangan reklama, videorolik, ko‘rsatuvlarda foydalanish mumkin.
Poytaxt brendini ishlab chiqish bo‘yicha tanlov o‘tgan yili kuzda e’lon qilingan bo‘lib, unga tayyorgarlik ishlari iyulda boshlangan. Tanlov hay’ati a’zolari tarkibida Jamoatchilik kengashi vakillari, marketing, brending, dizayn sohasida O‘zbekiston, Rossiya, Yevropa hamda Osiyo mamlakatlarida yetuk tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislar faoliyat olib bordi.
Loyiha maqsadiga binoan, poytaxtga investitsiyalarni jalb etishni oshirish, Markaziy Osiyodagi hududlar o‘rtasida hayot kechirish, investitsiya va turizm uchun eng qulay bo‘lgan mintaqa sifatidagi Toshkentning ijobiy qiyofasi belgilab olindi. Bir necha oy mobaynida ishlab chiqilgan brend “Toshkent — umumiy uyimiz” g‘oyasiga asoslangan.
Logotip bosh g‘oyasi tamoyillarida ochiq darvozalar tasviri orqali shaharning mehmondo‘stligi hamda bag‘rikengligi, shuningdek moviy osmon tasviri ramzi vositasida esa faravon va osoyishta hayot mohiyati singdirilgan. Belgining asosiy jihati shundaki, uni turli holatga moslashtirib qo‘yish, mavzu jihatdan bezak, tasvir va shaklga moslashtirish mumkin. Bu esa, uni shaharning turli joyi hamda tadbirlari – jamoat joylari, muzeylar, xizmat ko‘rsatish muassasalari, transport, ko‘rgazma, madaniyat tadbirlarida o‘rnatish imkoniyatini beradi.
“Toshkentga kelgan sayyohlar uning mehmondo‘stligi hamda barcha uchun ochiqligini ushbu ko‘rinish orqali tasavvur qilishadi. Shahardan qaytayotganda esa ularda har doim sevimli poytaxtning darvozalari barcha uchun doim ochiq bo‘lishi to‘g‘risida, qiziqarli jihatlari bilan iliq taassurot qoldiradigan yorqin xotiralar qoladi”, — deb tavsiflanadi brend.
Toshkent shahar hokimligi qoshidagi Jamoatchilik kengashi shahar brendi to‘g‘risida unga qiziqqan shaxs va jurnalistlar uchun taqdimot o‘tkazishni rejalashtirgan. Tadbirda olib borilgan ushbu jarayon haqida ma’lumot beriladi. Shahar brendining taqdimoti videosi va infografikasining to‘liq taqdimoti uni yuklab olish uchun saytga qo‘yiladi.
Izoh (0)