Urgut tuman Tibbiyot birlashmasi markaziy shifoxonasiga 2019-yil 22-fevral kuni soat 22:10 dan 23-fevral kuni soat 12:00 ga qadar Urgut tuman Urgut shaharchasi Katta Torinjak mahallasidagi xonadonlardan birida yashovchi 8 nafar fuqaro “Botulizm” kasalligi tashxisi bilan yotqizilgan. Bu haqda “Zarnews.uz” ma’lum qildi.
Respublika Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi xabariga ko‘ra, o‘tkazilgan dastlabki epidemiologik tekshiruv natijalarida aniqlanishicha, bemorlar 2019-yil 21-fevral kuni kechki soat 18:00 larda o‘z xonadonlarida uy sharoitida tayyorlangan 3 litrli shisha idishdagi pomidor sokli bodring konservasini ochib, osh bilan iste’mol qilishgan.
Dastlab, 2019-yil 22-fevral kuni soat 22:10 da 2003-yilda tug‘ilgan bemor shifoxonaga olib kelingan, shifokor ko‘rigidan o‘tkazilgandan so‘ng, ko‘ngil aynish, holsizlik, ko‘z oldi xiralashuvi, qovoqlar osilishi kabi kasallik belgilari bilan shifoxonaning reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan, so‘ngra qolgan bemorlar ham shifoxonaga olib kelingan.
Bemorlarga tegishli davolash muolajalari o‘tkazilgan, laboratoriyada tekshirish uchun biomateriallar olingan. O‘tkazilgan davolash ishlariga qaramasdan 2 nafar bemor (1949-yilda tug‘ilgan va 2003-yilda tug‘ilgan) vafot etgan. Qolgan 6 nafar bemorlar davolanmoqda.
Zaharlanish kelib chiqishiga xonadon egalari tomonidan tayyorlangan, botulizm qo‘zg‘atuvchilari bilan zararlangan pomidor sokli bodring konservasi sabab bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Urgut tumanida 16 yoshli D.D. uy sharoitida tayyorlangan pomidor va bodring mahsulotlaridan tayyorlangan tuzlama salat iste’mol qilib, ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay, vafot etgani xabar berilgan edi.
Izoh (0)