Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbekistonlik Saidaning O‘zbekistonga qaytarishlarini so‘rab qilgan iltijoli videomurojaati yuzasidan hamon jamoatchilikning qizg‘in muhokamasi davom etmoqda, deb yozadi Uz24.

Foto: Uz24

Foto: Uz24

Murojaatda qiz bir necha kunlardan beri bir hammomga qamab qo‘yilgani, xo‘rliklar ichida yashayotganini ma’lum qilgan. U O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasining sa’y-harakatlari bilan o‘z vataniga qaytarildi. Saida Uz24 nashriga boshidan o‘tgan og‘ir kunlar haqida so‘zlab berdi.

Orzu-havaslar va pir bo‘lgan hafsala...

Unga turmushga chiqishimga hamma qarshi bo‘ldi. Musulmon ayolning g‘ayridin bilan nikoh qurishi mumkin emasligi, keyinchalik kelib chiqishi mumkin bo‘lgan noqulay holatlar haqida aytishdi. Lekin o‘z qarorimda qat’iy turib olganimdan so‘ng, taqdirga tan berishdi. To‘y 2018-yilning 4-sentabr oyida bo‘lib o‘tib, turmush o‘rtog‘im Xitoyga 24-sentabrda ketdi. Men esa 24-oktabrda Xitoyga ketdim.

To‘ydan keyin O‘zbekistonda ijarada yashadik. Ijara va boshqa hamma xarajatlarni turmush o‘rtog‘im o‘z bo‘yniga oldi. Avvaliga, O‘zbekistonda menga yaxshi muomalada bo‘ldi. Ammo Xitoyga borganimdan keyin vaziyat mutlaqo o‘zgardi. Men uning Xitoyda 50 yoshlik xotini borligini eshitib qoldim. Janjal ko‘targanimdan keyin uning menga bo‘lgan munosabati salbiy tomonga o‘zgardi. Uning uyida ota-onasi bilan birga yashardik. Onasi turmush qurishimizga qarshilik qilmagan. O‘g‘lining menga qilayotgan muomalasini ko‘rardi, lekin unga qarshi chiqolmasdi. Chunki uyda o‘g‘lini aytgani bo‘ladi. Onasi o‘g‘lidan qo‘rqardi. U bilan besh oy birga yashadik. Xitoyda o‘zimizni milliy taomlar yo‘q. Shuning uchun o‘zim yoqtirgan kartoshka, tuxum yeb kun kechirdim. Chunki menga Xitoy taomlari yoqmagan. Turmush o‘rtog‘im avval ham O‘zbekistondan uylangan, lekin zagsdan o‘tmagan. To‘y ham binoidek o‘tgan. Lekin u qiz xitoyga ketishni xohlamagan.

“U meni internetdan uzoqlashtirdi...”

Xitoyga borganimdan keyin u meni O‘zbekistondagi yaqinlarim, oila a’zolarim bilan gaplashtirmay qo‘ydi. Simkartani bloklab, vay-faylarni uzib, telefonimdagi telegram va imo dasturlarini o‘chirib tashladi. Meni internetdan uzoqlashtirdi. Keyin o‘zimiz yashayotgan uyimiz yonidagi do‘kondan vay-fay ulab oldim va shu orqali aloqaga chiqdim. Yutubga qo‘ygan videomurojaatim haqida u bilmay qoldi. Internetdagi murojaatim Ozodlik saytida chiqqanidan keyin sayt xodimlari O‘zbekistonga xabar berishgan. 11-fevral kuni tushdan keyin yashash joyimizga xitoy militsiyalari kelishdi. Turmush o‘rtog‘im bilan meni mashinaga o‘tqizishdi. Men nega bunday bo‘layotganini anglab turardim, bilardim tez orada uyimizga kelishlarini. Chunki men bilan kerakli odamlar aloqaga chiqib turishardi. U tushunmadi qayerga ketayotganimizni. Xullas Xitoydagi militsiya idorasiga bordik. U yerda bizni O‘zbekistonlik elchixonamiz xodimlari kutib turishgan ekan. Ular meni O‘zbekistonga qaytarish uchun turmush o‘rtog‘imdan rozilik xati yozdirib olishdi. Men esa unga nisbatan hech qanday shikoyatim, da’voim yo‘qligi haqida ariza yozib berdim. O‘sha kuni meni mehmonxonaga joylashtirishdi. 18-fevral kuni hamma hujjatlarim tayyor bo‘lgach, 19-fevral kuni O‘zbekistonga yetib keldim.

Yutubda joylashtirilgan videomurojaat ostida Saida oilaviy sharoitini yaxshilash uchun xitoylik yigitga turmushga chiqqani haqidagi izohlarni o‘qish mumkin...

Yo‘q, boshida menda unaqa xayol bo‘lmagan. Lekin videomurojaatda shunday izohlar ketgan. U keyinchalik menga yaxshi sharoit qilib berishini aytgan. Men unga hech qanday shart qo‘ymaganman. To‘y o‘tgach ham u mening oilamga hech qanday yordam bermagan. Boshida menda unga turmushga chiqishimda qo‘rquv bo‘lmagan. Chunki uning ichki dunyosini, keyinchalik uning menga bunaqa tazyiqlar o‘tkazishi mumkinligini bilmaganman. O‘zim xohlab unga turmushga chiqish istagida bo‘lganman. Ko‘zimga hech narsa ko‘rinmagan.

O‘zi haqida bildirilayotgan fikrlarga munosabati...

Ko‘pchilik bir biringizni qanday tushuna oldingiz, axir u xitoy tilida so‘zlashadi-ku degan savollarni berishadi. Men xitoy tilida gapirsam u tushunadi. Chunki muloqotda bo‘lish uchun o‘zimga kerakli so‘zlarni bilib olganman. Agar u sekin gapirsa, men ham uni yaxshi tushunaman. Xitoy tilini unga turmushga chiqqanimdan so‘ng o‘rganganman.

Bu kunlar sinov ekan... Mana endi hammasi yaxshi. Bora-bora hamma ko‘rgan kechirganlarim esimdan chiqib boryapti. Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zim haqimdagi muhokamalarni ko‘rdim. Menga nisbatan bildirilayotgan fikrlarning ko‘pchiligi salbiy. U yerda har kim o‘z ichki dunyosi, madaniyatidan kelib chiqib fikr bildirmoqda. Shu bois to‘g‘risi, o‘qib o‘tirmadim. Qolaversa, jamiyatda, atrofdagilarning menga nisbatan munosabati yaxshi. Endi qaytib bu xatolarni takrorlamayman. Hayotda o‘z o‘rnimni topib, yaxshi inson bo‘lishga harakat qilib, yaxshi yashayman degan maqsadim bor. U kechirim so‘rab kelsa, kechirmayman. Hozir farzandimiz yo‘q. Lekin farzand bo‘lgan taqdirda ham unga qaytmas edim.

Tengdoshlariga nima deydi?

Mening boshimga tushgan sinovlarga ular duch kelishmasin. Men qattiq adashdim, ular adashmasin. Ularga aytadigan so‘zim hayotda turmush qurish masalasida avval yaxshilab o‘ylab, keyin bir qarorga kelishsin. Chet ellikka turmushga chiqishni hech kim orzu qilmasin. Baribir O‘zbekistonimizdan qo‘ymasin ekan...

Namangan viloyati, To‘raqo‘rg‘on tuman hokimligining xotin-qizlar qo‘mitasi bosh mutaxassisi Marg‘uba O‘rinbayeva: 

O‘shanda Saidaxonni xitoylik yigitga turmushga chiqishga chiqish fikridan qaytarishga tuman xotin-qizlar qo‘mitasi va tuman FHDYo bo‘limi qattiq kurashdi. Lekin Saidaxon “shu yigitga tegaman” deya turib olgach, biz ortiq qarshilik qila olmadik. Saidaxonning muhokama bo‘lgan videomurojaati tuman xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan e’tiborsiz qoldirilmadi. Biz darhol Saidaning oilasi bilan qiziqdik. 19-fevral kuni Saidaxon O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi orqali qaytarildi. Hozirgi kunda Saidaxon va uning oilasi bizning nazoratimizda. Onasining salomatligi yaxshi bo‘lmaganligi uchun, unga bepul davolanish uchun order olib beryapmiz. Saidaxonni o‘qigan mutaxassisligi bo‘yicha ish bilan ta’minlab, jamiyatga foydasiga tegadigan qiz bo‘lishiga amaliy yordam berishga harakat qilyapmiz. Qolaversa, ish bilan ta’minlanishidan oldin psixologlar yordamida Saidaning ruhiy zo‘riqishlarini bartaraf etish choralarini ko‘ryapmiz.

Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi, fuqaro murojaatlari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Ozoda Islomova:

Hozirgi kunda xuddi Saidaxonning taqdiriga o‘xshash holatlar, murojaatlar soni borgan sari ortib ormoqda. Respublika xotin-qizlar qo‘mitasining 1146 raqamlardan iborat ishonch telefonlari ishga tushgach, biz har bir murojaatni zudlik bilan o‘rganib, bayon etiladigan holatlar bilan tanishib chiqyapmiz. Ishonch telefonlarimiz sutka davomida kechayu-kunduz ishlab turibdi. Qolaversa, muammolarni izchil bartaraf etish uchun xotin-qizlarimizning huquqiy savodini oshirish, FHDYo bo‘limlari huzurida xotin-qizlar qo‘mitasi maslahatxonalarini tashkil qilish masalasini yo‘lga qo‘ydik. Ushbu maslahatxonalar qizlarimizga turmushga chiqishda va boshqa masalalarda to‘liq kerakli tushunchalarni berib borishadi. Saidaxonning kelajagi uchun befarq emasmiz. Uning jamiyatda o‘z o‘rnini topib ketishiga qo‘ldan kelgancha amaliy ko‘mak beramiz. Shuningdek, Saidaxonning O‘zbekistonga qaytarilishida amaliy yordam bergan har bir tashkilotlarga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Yevropa gaz iste’molini kamaytirmoqda
Mahalliy
Toshkentda yong‘in oqibatida 2 kishi halok bo‘ldi (video)
Dunyo
Ukraina 2 ta aerodromga dronlar bilan zarba berishga urindi — Rossiya Mudofaa vazirligi