Toshkentda “ROBO CODERS 2019” tanlovi g‘oliblarini taqdirlash boshlandi. G‘oliblar uch xil talab asosida tanlandi. Ya’ni 15—20 yoshlilar o‘rtasida uchta, 21—25, 26—30 yoshgacha bo‘lganlar orasida ham uchtadan g‘olib aniqlandi. Shuningdek, to‘qqizta faxrli o‘rin sohiblari ham ma’lum qilindi, deb yozadi O‘zA.

Foto: O‘zA

26—30 yoshgacha bo‘lgan ishtirokchilar o‘rtasida Saidjalol Hasanov, 21—25 yoshgacha Sirojiddin Abdukarimov, 16—20 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida Nazarbek Boltabayev birinchi o‘rinni egalladi.

Ko‘rsatilgan har bir yosh orasidagi birinchi o‘rin sohibiga HP 250 G6 i3-6006 4/500, ikkinchi o‘ringa Acer Extensa EX2519 N3160 4/500 rusumli noutbuklar topshirildi. Uchinchi o‘rin egalari esa so‘nggi rusumdagi smartfonga ega bo‘ldi.

Tanlov doirasida “Eng oddiy algoritm”, “Eng mohir dasturchi”, “Eng yosh dasturi” kabi nominatsiya g‘oliblari ham aniqlandi.

– Ishtirok etib, g‘olib bo‘la olmaganlar sertifikat bilan taqdirlanadi, –deydi Mirzo Ulugbek Innovation Center direktorining birinchi o‘rinbosari Orifjon Fayziyev. – Markazimiz yaqinda AKT sohasida qisqa muddatli kurslar ochadi. Ular bu darslarda bepul ishtirok etishi mumkin. Bu kurslar Jizzax viloyatida boshlanadi. Yil davomida bosqichma-bosqich boshqa viloyatlarda ham tashkil etamiz. Bu o‘quv kurslari orqali ikki ming nafar iste’dodli yoshlarni qamrab olish mo‘ljallanmoqda.