O‘zbekiston Osiyo taraqqiyot banki (OTB)ga 1995-yilda a’zo bo‘lgan. O‘shandan buyon umumiy hajmi 7,4 mlrd. AQSh dollarini tashkil etgan 70 ta zayom olgan. Bu haqda “Xalq so‘zi” xabarida aytiladi.

Foto: “Xalq so‘zi”

Ayni paytda ushbu moliya muassasasi O‘zbekiston bilan 2019—2023-yillarga mo‘ljallangan sheriklik strategiyasini ishlab chiqyapti. Zero, mamlakat jadal bozor iqtisodiyotiga o‘tayapti va bu jarayon davlatning iqtisodiyotdagi roli o‘zgarishi bilan birga kechmoqda. OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha rahbari Verner Lipakning O‘zbekistonga 7—11-fevral kunlari qilgan tashrifi yakunida ushbu yangilik ma’lum qilindi.

Xabar berilishicha, OTB kelayotgan uch yil davomida O‘zbekistonga har  yili 1 mlrd. dollardan ziyod mablag‘ yo‘naltirmoqchi. Ushbu kapital quyidagi yo‘nalishlarga sarflanadi:

- suv ta’minoti va sanitariya, transport infratuzilmalari, elektr energiyasi ishlab chiqarish va taqsimotini yaxshilash;

- yoshlarni ish bilan ta’minlash;

- qishloq joylarida ish o‘rinlari yaratish;

- zamonaviy sog‘liqni saqlash tizimidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish;

- iqtisodiy boshqaruv sohasida davlat islohotlarini qo‘llab-quvvatlash;

- ijtimoiy himoya darajasini oshirish.

Yuqorida aytib o‘tilganidek, O‘zbekiston OTBga 1995-yilda a’zo bo‘lganidan buyon umumiy qiymati 70 mlrd. dollarlik 70 ta zayom olgan. Shuningdek, bank aksionerlik kapitali ko‘rinishida 6 mln. dollar, kafolat shaklida 218 mln. dollar va texnik ko‘mak granti ko‘rinishida 87,3 mln. dollar ham ajratilgan.

2018-yilda OTB umumiy qiymati 1,1 mlrd. dollarlik 5 ta zayom imzolagan. Ular energiya samaradorligini oshirish, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish xizmatlarini yaxshilash, fermerlar va meva-sabzavot ishlab chiqaruvilar uchun moliyaviy imkoniyatlar yaratish, O‘zbekistonnig g‘arbiy qismida ichimlik suvi ta’minoti va iqtisodiy boshqaruv sohalariga ajratilgan.