Toshkent shahar IIBB tomonidan poytaxt hududida yashirincha yashab kelayotgan oilaviy firibgarlar qo‘lga olindi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” kanali axborot dasturida xabar berildi.
Mazkur shaxslar O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasida (“Firibgarlik”) ko‘zda tutilgan jinoyatni sodir etganligi uchun Farg‘ona viloyati IIB tomonidan qidiruvga berilgan edi. Jinoiy guruh a’zolarini qo‘lga olishda tezkor guruh xodimlariga faol qarshilik ko‘rsatilgan.
Jabrlanuvchilarning ma’lum qilishicha, firibgar ayollar tilla zargarlik buyumlari deb ishontirib, sotgan taqinchoqlar sariq misdan ishlangan bo‘lib chiqqan. Zargarlik buyumlarini firibgarlik yo‘li bilan sotgan soxta tillafurushlar dastlab haqiqiy tilla buyumlarni zargardan tekshirtirgan, shundan so‘ng jabrlanuvchi pulni sanab bergunga qadar buyumlarni xuddi shunday ishlangan oddiy taqinchoqlarga almashtirib qo‘ygan.
Asli farg‘onalik 47 yoshli Sohibova O. muqaddam bir necha marta sudlangan, yuzlab insonlarni chuv tushurgan. Firibgarlar oilasi Uchtepa tumanidagi xonadonlardan birida ijarada yashab kelayotganligi aniqlangan. Ularni qo‘lga olish chog‘ida ichki ishlar xodimlariga nisbatan oshxona jihozlari yordamida faol qarshilik ko‘rsatilgan.
Izoh (0)