Joriy yilning 24—25-yanvar kunlari O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi va Professional futbol ligasi mutasaddilari Turkiyaga safar uyushtirdi.
U yerda Turkiya futbol federatsiyasi rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazib, muzokaralar davomida ikki mamlakat futboli o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va tajriba almashish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Mana shu kelishuv asosida turkiyalik Erjan Bulut O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining vakili, MOQ prezidenti va O‘FA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonovning maslahatchisi sifatida ish olib boradi.
U ikki mamlakat sporti, xususan, futbol bo‘yicha hamkorlikda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar, loyihalar va boshqa masalalarda vakil sifatida ishlaydi.
Bulut Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida sport bo‘yicha hamkorlik qilish, tajriba almashish, ikki mamlakat futboli o‘rtasida yaqin aloqalarni yo‘lga qo‘yish, terma jamoalar, klublar o‘rtasida o‘rtoqlik o‘yinlari tashkil qilish va boshqa shu kabi loyihalarni amalga oshirilishiga yaqindan yordam beradi.
Ma’lumot uchun, Erjan Bulut O‘zbekiston va Turkiya ishbilarmonlari uyushmasi (O‘TIU) kengashi raisi, “Ziraat Bank” kengashi maslahatchisi, O‘zbekiston va Turkiya Ziraat Finans Group koordinatori hisoblanadi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)