Ikkinchi jahon urushida bombadan qochish uchun foydalanilgan tashlandiq tunnellarda dunyodagi birinchi yer osti fermasi ochiladi. U yerga odamlar ekskursiya uchun borsa bo‘ladi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.
Ekskursiyaga borishga qaror qilgan sayyohlar tunnel tarixini, fermaning qanday paydo bo‘lganligini va uning kelajakdagi rivojlanishini bilib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Pushti “futuristik” nur ostida fermada yangi ko‘kat va salat barglari o‘sadi. Bunda gidropon tizimi va yorug‘lik diodli texnologiyalaridan foydalaniladi. O‘simliklar yil davomida pestitsidlarsiz muhitda o‘sadi. Ob-havo va mavsumiy o‘zgarishlar ularga ta’sir qilmaydi.
Ferma bristollik Richard Ballard va Stiven Dring tomonidan 2014-yilda tashkil etilgan. Ularning mahsulotlari hozirgi kunda yirik supermarketlarda sotiladi va yetakchi oshpazlar tomonidan qo‘llaniladi.
Ekskursiyalar haftada ikki marotaba o‘tkaziladi, mart oyi oxirigacha “Tashkilotchilar bilan sayohat” bo‘lib o‘tadi. Boshqa sayohatlar apreldan sentabrgacha o‘tkaziladi. Ekskursiyaga 14 yoshdan oshgan kishilar qatnashishi mumkin.
Esdalik sifatida ishtirokchilar fermada to‘plangan yangi salat barglarini o‘zlari bilan olib ketishlari mumkin.
Izoh (0)