O‘zbekiston Qurolli kuchlarida har juma o‘tkazilayotgan “Ma’naviy yuksalish va vatanparvarlik kuni”da Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtining 70 nafardan ziyod birinchi bosqich kursanti mamlakatning madaniy-tarixiy merosi hamda tabiiy boyliklari bilan tanishish maqsadida Buxoro viloyatiga sayohat qildi. Bu haqda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Ekskursiya dasturi qiziqarli va mazmunli uchrashuvlarga boy bo‘ldi. Sayohat kursantlarning “Munis ona” haykali poyiga gullar qo‘yishi bilan boshlandi. Shundan so‘ng sayohatchi harbiylar Buxoro shahridagi tarixiy- me’moriy obidalarni ziyorat qildi.
Buxoroga ekskursiya davomida bo‘lg‘usi ofitserlar shaharning 19-sonli umumta’lim maktabi o‘quvchilari bilan uchrashib, “Jasorat” darslarini tashkil etdi hamda o‘quvchilarga “Temur tuzuklari” nomli kitoblarini ulashdi. Uchrashuv so‘ngida bilim yurti faoliyatiga doir film namoyish etildi.
Harbiylarning shaharda joylashgan 32-sonli Mehribonlik uyiga tashrifi ushbu maskan tarbiyalanuvchilari qalbiga bir olam quvonch hadya etdi.
Izoh (0)