Shu kunlarda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Germaniyaga tashrifi Toshkent, Samarqand, Buxoro shaharlaridagi maktablarga nemis mutafakkirlarining nomi berilishi, o‘zbek–nemis hamkorligini mustahkamlash yo‘lida qilinayotgan ishlar hammaning diqqat markazida. Shu fursatdan foydalanib, bir nemis tili fani o‘qituvchisi sifatida joylarda nemis tiliga e’tibor qanday, nemis tili bizning davlatimizda munosib baholanyaptimi , kelgusida bu tilning taqdiri nima bo‘ladi kabi savollarni ko‘tarmoqchimiz.
Nemis tili haqida yanada ko‘proq ma’lumotlar keltirib o‘tirmayman; jahondagi o‘rni haqida ham to‘xtalib, istig‘for aytib o‘tirmayman. Oddiy o‘qituvchi sifatida sizga umuman boshqa savol bermoqchiman. Ayrim davlatlarda kiborlar tili hisoblanmish nemis tili nega bizda inqiroz darajasiga kelib qoldi? Bunga kim aybdor? Kimni jazolash keragu, kimni mukofotlash kerak? Aravani quruq olib qochish uchun ham aravaning o‘zi bo‘lishi kerak, nazdimda.
Oyni etak bilan yopib bo‘lmaganidek, nemis va fransuz tillari ingliz tili oldida keskin o‘z mavqeini yo‘qotdi. Bunda ota-onalar istak-xohishlari niqobi ostida o‘z o‘rnini ayanchli tarzda bo‘shatib beryapti.
Qachondan beri kimsan Navoiy, Beruniy, Forobiy avlodlari hisoblanmish o‘zbek millatiga o‘rganish imkoniyatiga ega bu tillar ortiqcha bo‘lib qoldi? Bobolarimiz ilm yo‘lida yurt kezib, musofirlikning zarvorli yukini ham bemalol bo‘yniga olganku.
“Baliq boshidan sasiydi, ammo oxiridan tozalaydilar” degan maqol bor xalqimizda. Yangi saylangan vazir Sherzod Shermatov ham harakat qilyaptiki, nima bo‘lsa ham sifatli ta’limga ega bo‘laylik, nima qilsak, pedagogga qulay sharoit yaratilsin. Shu fursatda noto‘g‘ri targ‘iblardan, tushunchalardan tozalanish payti kelmadimikan?
“Tozalanish” so‘zi biroz quloqqa qattiq eshitilishi mumkin. Tushuntiraman, mamlakatimiz maktablari bir necha yildan buyon nemis va fransuz tillaridan “tozalanmoqda”. Hech qanday sababsiz, hech qanday vajsiz, ich-ichidan shunday ish bormoqda-ki, natijada o‘quvchilar faqat ingliz tili bilan cheklanmoqda, vaholanki, inson bir necha tilni bir vaqtda o‘rganishga ehtiyoji va imkoni bor.
So‘nggi 5–6 yildagi nemis va fransuz tili o‘qituvchilarining qarshiliklarga qaramay, matonat bilan olib borayotgan faoliyatlariga esa ta’zim qilaman. Bu to‘sqinliklarga ayrim misollar keltiraman-ki, bu kabi qiyinchiliklarga chidab ishlab kelayotgan nemis va fransuz tili o‘qituvchilarining sabriga qoyil qolmasdan ilojingiz yo‘q:
- ingliz tili kadri yetishmagan holda ham nemis tili dars soatlarining ajratilmasligi;
- hech qanday asossiz qayta tayyorlov kurslaridan o‘tishimiz lozimligi, bizning foydamizga rahbariyatning shunday ogohlantirishlari amaliyotga joriy etilishi;
- aksariyat nemis va fransuz tillari o‘qituvchilari ingliz tili o‘qituvchilaridan hech biri borishni istamagan uzoq qishloq joylarda ish bilan ta’minlanishi;
- malaka oshirish institutlarida xorij fani sifatida faqat ingliz tilining o‘qitilishi, tinglovchilarning qaysi tilni bilishi inobatga olinmasligi;
- hududlarda nemis tili dars soatlari mavjud maktablarda darsliklarga befarq munosabat tufayli ingliz tilida buyurtma berilishi, oqibatda o‘quv materiallarining yetishmasligi, nemis qo‘llanmalariga buyurtmaning keskin kamayib ketganligi.
Nemis tilining o‘qitilishi rahbar xodimlarning shaxsiy istaklariga aylanib qolmoqda: “ish kerak bo‘lsa, to‘rt oylik qayta tayyorlovdan o‘tib, ingliz tili o‘rgan”, deydi, tamom.
Lekin hech qayerda yozilmagan bu to‘siqlarga qaramay, nemis tilini tanlaganimdan hech qachon afsuslanmaganman, afsuslanmayman ham. Shu kecha-kunduzda nemislar olamida yashayapmiz, ajoyib telesayohatlarni boshimizdan kechiryapmiz, iymanib, “nemis tili o‘qituvchisiman” deyishimiz poyoniga yetganga o‘xshaydi. Ishonamanki, nemis tilini yaqin orada barcha o‘quvchilar faxr bilan o‘qib o‘rganadi, maktab direktorlari nemis tili o‘qituvchilarini o‘z maktablariga iltimos qilib taklif qiladi.
Sattarova Marhabo, Nurota shahri, 54-maktab o‘qituvchisi
Muallif fikri tahririyat nuqtai nazariga mos kelmasligi mumkin.
Izoh (0)