Maktabgacha ta’lim vazirligi O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi bilan hamkorlikda elektron va bosma o‘quv materiallari uchun personajlar (qahramonlar) yaratish bo‘yicha tanlov e’lon qiladi. Tanlov ikki bosqichda bo‘lib o‘tadi: birinchi bosqichda xalq tomonidan ovoz berish asosida 10 ta eng yaxshi ish tanlab olinadi, ikkinchi bosqichda esa komissiya bitta g‘olib va ikkita sovrindorni tanlab oladi. Bosh sovrin — 10 mln so‘m.
Maktabgacha ta’lim vazirligi O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi bilan hamkorlikda joriy yil 26-yanvaridan 15-fevraliga qadar original qahramonlar yaratish bo‘yicha tanlovda ishtirok etish uchun arizalar qabul qiladi. Yaratilgan tasvirlardan bolalar adabiyoti hamda MTVning multimedia mahsulotlarida foydalanilishi mumkin.
Tanlov doirasida ishtirokchilar (yoki ishtirokchilar jamoasi) o‘zbek xalqi madaniyati, an’analari va o‘ziga xosligi bilan ramziy bog‘liq bo‘lgan bolalar personajlari/personajlar guruhi (odamlar, hayvonlar, to‘qima qahramonlar, jonsiz predmetlar)ni yaratishlari lozim.
16.02.2019y. — 20.02.2019y. oralig‘ida www.tanlov.mdo.uz saytida bo‘lib o‘tadigan xalq tomonidan ovoz berish tanlovning shaffofligi va xolisligini ta’minlab beradi. O‘zbekiston, aholisi yakuniy (final) bosqichga o‘tuvchi 10 ta eng yaxshi ishni tanlab beradi. Ovoz yig‘ish uchun turli, nohalol usullardan foydalangan ishtirokchilar tanlovdan chiqariladi. Tashkilotchilar eng yaxshi o‘nlikka kirmagan beshtagacha ishni finalga o‘tkazish huquqiga ega.
Yakuniy bosqich ochiq muhokama shaklida o‘tkaziladi. Komissiya uchta eng yaxshi ishni, 14 hududdagi MTM bolalari esa “Bolalar mehrini qozongan ish” bo‘yicha g‘oliblarni tanlab oladilar.
Tanlov g‘olib va sovrindorlari faxriy diplom, homiylarning esdalik sovg‘alari, shuningdek MTV pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Birinchi o‘rin — 10 mln so‘m;
Ikkinchi o‘rin — 6 mln so‘m;
Uchinchi o‘rin — 4 mln so‘m.
Tanlovga jismoniy va yuridik shaxslar www.tanlov.mdo.uz da ko‘rsatilgan shartlar bo‘yicha ochiq oferta shaklida qo‘yiladi. Har bir ishtirokchidan cheklanmagan miqdorda ishlar qabul qilinadi. Tanlovga o‘z ishini yuborgan shaxs avtomatik tarzda ochiq oferta shartlarini qabul qilgan hisoblanadi.
Tanlovning o‘tkazilish mexanizmi, ishlarga qo‘yiladigan talablar haqida www.tanlov.mdo.uz da batafsil bilib oling.
Izoh (0)