Sog‘liqni saqlash vazirligi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikda shu yilning 25-yanvaridan 25-fevraligacha Toshkent shahrida “Sog‘lom hayotga qadam tashla!” aksiyasini o‘tkazmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Undan ko‘zlangan maqsad aholining tibbiy bilimini oshirish, o‘z sog‘lig‘iga bo‘lgan e’tiborini kuchaytirish, to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy faollik hamda tamakidan voz kechish bo‘yicha targ‘ibot va tashviqot ishlarini olib borishdir.
Bir oy davomida o‘tkazilishi rejalashtirilgan mazkur aksiya Toshkent shahrining Mirobod, Yashnobod, Yunusobod va Shayxontohur tumanlarining jamoat joylarida bo‘lib o‘tadi. Hududlardagi Korzinka supermarketlari, korxona va tashkilotlar, mahallalarda — “Salomatlik maydonchalari”, hududlarda uyushmagan yoshlar bilan “Salomatlik darslari”, ta’lim muassasalarida “Tamakisiz hudud uchun ovoz beramiz” aksiyalari, alkogol va tamaki mahsulotlarini sotish qoidalariga rioya qilish, tamaki mahsulotlari sotuvini rag‘batlantirilishini oldini olish hamda ish va jamoat joylarida hamda jamoat transportlarida tamakisiz hudud yaratish bo‘yicha ommaviy reydlar olib boriladi. Shuningdek, bu yerda shifokorlar fuqarolarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, joylardagi o‘quv muassasalari va mahallalardagi yoshlarga tamaki chekishning zararli oqibatlari haqida ma’ruzalar qiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kam harakatlilik va noto‘g‘ri ovqatlanish oqibatida O‘zbekiston aholisining yarmi ortiqcha vaznga ega, 46 foizida qon tarkibida me’yoridan ortiq xolesterin mavjud, 31 foizida qon bosimi yuqori. Mamlakatda dehqonchilik mahsulotlari mo‘l-ko‘l yetishtirilsa-da, aholi kundalik ovqat ratsionida meva-sabzavot iste’moli yetarli emas. Ushbu muammolar tufayli O‘zbekistonda yillik o‘lim holatlarining 78 foizi aynan yuqumsiz kasalliklar ulushiga to‘g‘ri kelmoqda. Ko‘rinib turibdiki, sog‘lom turmush tarziga rioya etish har qachongidan-da dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Izoh (0)