“O‘zbekkino” milliy agentligida AQShning Unity Productions Foundation (UPF) nodavlat fondi rahbari, kinoprodyuser va rejissor Daniel Tutt rahbarligidagi delegatsiya vakillari ishtirokida tadbir bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
UPF nodavlat fondi aqidaparastlikka qarshi kurashish, dinlararo bag‘rikenglik g‘oyalarini ommaviy axborot vositalari orqali targ‘ib etishga asosiy e’tibor qaratadi. Televizion filmlar, teleko‘rsatuvlar turkumini tayyorlash bilan shug‘ullanadi. UPF’ning media va kino mahsulotlari uzoq muddatli ma’rifiy kampaniyaning bir qismi bo‘lib, u diniy bag‘rikenglik g‘oyalarini keng targ‘ib etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
1999-yilda tashkil etilgan mazkur ijodiy tuzilma tomonidan yaratilgan filmlar ikki yuz milliondan ortiq auditoriya to‘plagani bilan ahamiyatlidir. E’tiborga molik jihati, bu telemahsulotlardan bahramand bo‘lgan tomoshabinlarning aksariyati filmlar xususida ijobiy fikrlar bildirgan. Fond, shuningdek, Gollivuddagi kinosanoat mutaxassislari va ommaviy axborot vositalari bilan o‘zining MOST resurs markazi orqali hamkorlik qilib, mashhur ko‘rsatuvlarning mualliflari, prodyuserlariga faktlar, tadqiqotlarni taqdim etadi.
Uchrashuvda “O‘zbekkino” milliy agentligi hamda mazkur ijodiy tashkilot o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlashga oid fikr-mulohazalar bildirildi. Ikki davlat kinoijodkorlari hamkorligida kino sohasida bir qator loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.
Shu kuni O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida AQSh kinoijodkori Daniel Tutt ishtirokida talabalar uchun mahorat saboqlari, ijodiy uchrashuvlar ham o‘tkazildi.
Izoh (0)