Iqtisodiy sudlar 2018-yilda 403 344 ta ishni ko‘rib chiqdi, da’vogarlar foydasiga 12,6 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ni undirish to‘g‘risidagi sud qarorlari qabul qilindi. Ko‘rib chiqilgan ishlar soni 2017-yil bilan taqqoslaganda, 16 foizga oshgan. Bu haqda O‘zbekiston Oliy sudi rasmiy vakili Aziz Obidov ma’lum qildi, deb yozadi “Gazeta.uz”.
O‘tgan davr mobaynida eng ko‘p ish Jizzax, Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand viloyatlari va Toshkent iqtisodiy sudlari tomonidan ko‘rib chiqilgan.
Iqtisodiy ishlarning katta qismi — 264 087 tasi bevosita joylarda sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqildi. 3 195 ta ish videokonferensiya rejimida ko‘rib chiqildi, bu tomonlarning 1,9 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ini tejash imkonini berdi.
Kichik biznes subyektlari va xususiy tadbirkorlik huquqlarini himoya qilishga doir 42 478 ta ish ko‘rib chiqilgan, ular foydasiga 1 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ undirilgan.
Yil davomida ko‘rib chiqilgan ishlarning asosiy qismini mahsulot yetkazish, kontraktatsiya, kredit, oldi-sotdi shartnomalaridan kelib chiqadigan ishlar tashkil etdi.
Bundan tashqari, Oliy sudning iqtisodiy ishlar bo‘yicha Sud kollegiyasi tomonidan 368 ta shikoyat va protest nazorat tartibida ko‘rib chiqildi. Quyi sudlar tomonidan qabul qilingan 224 ta qaror bekor qilindi, 66 ta sud akti o‘zgartirildi.
Izoh (0)