Xalqlar ikki turkumga bo‘linadi: ko‘chmanchilar va o‘troqlar. O‘troqlar bir joyda qo‘nim topib yashasa, ko‘chmanchilar doimiy ravishda bir joydan ikkinchi joyga ko‘chib yashaydi. Bu ularning hayot tarzi. Lekin bugungi dunyoda, ayni vaqtda shunday xalqlar borki, ular aslida o‘troq bo‘lishiga qaramasdan, ko‘chib yurishga majbur. “Daryo” kolumnisti Jahongir Ostonov o‘z maqolasida aynan mana shu xalqlar haqida so‘z yuritadi.
2011-yilda Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqning qator arab davlatlarida boshlangan va keyinchalik fuqarolar urushlariga aylanib ketgan “Arab bahori” o‘z ortidan katta vayronagarchilik va insonlar qonining to‘kilishidan tashqari yana bir katta muammo — migratsiya muammosini yuzaga chiqardi. Urush olovidan va ishsizlikdan qochgan minglab qochqinlar turli yo‘llar bilan G‘arbiy Yevropaga qarab oqib kela boshladi. Bu jarayon 2015-yilda nihoyatda kuchaydi. Muhojirlarni qabul qilish istagini bildirgan dastlabki davlat Germaniya bo‘ldi.
Qochoqlar Germaniyaga borish asosan ikki yo‘nalishni tanlamoqda. Birinchisi Turkiya–Bolqon–Germaniya yo‘nalishi bo‘lsa, ikkinchisi — Liviya–Italiya–Germaniya. Birinchi yo‘l nisbatan xavfsiz, shuning uchun aksariyat muhojirlar shu yo‘nalishni tanlamoqda. Bu yo‘nalish orqali kelayotgan muhojirlarning asosiy qismi Yaqin Sharq (Suriya, Livan, Iroq), Janubiy va Markaziy Osiyo (Pokiston, Bangladesh, Afg‘oniston) davlatlaridan.
Ikkinchi yo‘ldan O‘rta Yer dengizi orqali asosan Misr, Eriteriya, Niger, Marokash, Mali kabi Afrika davlatlaridan kelayotgan muhojirlar tomonidan foydalanilmoqda. Muhohirlar Yevropaga ketadigan kemalarga o‘tirish uchun asosan Liviya qirg‘oqlaridan foydalanmoqda. Bu yo‘l esa eng xatarlisidir. BMTning migratsiya masalalari bo‘yicha tashkiloti hisobotlariga qaraganda, birgina 2015-yilning o‘zida 3 329 kishi dengizga g‘arq bo‘lgan. Buning asosiy sababi esa uzoq sayohatga mo‘ljallanmagan qayiqlardan foydalanilishidir. Ana shunday qayiqlarda yo‘lga chiqqan muhojirlarning 630 nafari o‘tgan yil yozida Aquarius kemasi ekipaji tomonidan qutqarib olingani katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. 9-iyundan 10-iyunga o‘tar kechasi qutqarib olingan muhojirlarni qabul qilishni istamagan Italiya va Malta o‘z qirg‘oqlarini Aquarius uchun yopib qo‘ydi va kema 17-iyun kuni Ispaniyaning Valensiya shahri qirgo‘g‘iga yetib bordi. Ular Fransiya va Ispaniyadan qo‘nim topdi.
Muhojirlar Yevropada doimiy qolishi uchun rasmiy ravishda “siyosiy qochqin” maqomini olishi kerak. Aks holda ularning qolishi qiyin. Ammo bunday maqomni olish hammaga ham nasib etavermaydi. Buning uchun nima qilish kerak? Avvalo, oddiy muhojir va qochoqning farqini bilib olishimiz lozim bo‘ladi. Muhojir — o‘zi yashab turgan davlatidan iqtisodiy, siyosiy va iqlimiy sabablarga ko‘ra boshqa davlatga ko‘chib kelgan shaxs. YeIga a’zo davlatlar uchun hamma qochoqlar muhojir, lekin hamma muhojirlar ham qochoq bo‘lavermaydi. Rasmiy “qochoq” maqomi 1951-yilgi Jeneva konvensiyasi va uning 1967-yilgi protokoli bilan belgilab qo‘yilgan. Mazkur hujjatlarni imzolagan davlatlar o‘z mamlakatida “dini, irqi, millati, biror ijtimoiy guruhga a’zoligi va siyosiy fikrlari uchun ta’qibga uchragan va hayotiga xavf tufayli” boshqa davlatda qo‘nim topgan shaxslarni qochoq deb hisoblashadi.
2015-yildan buyon muhojirlarni qabul qilish bo‘yicha Germaniya yetakchilik qilib kelmoqda. 2017-yil yakunlari bo‘yicha Germaniya qabul qilgan muhojirlar soni 1million 410 mingni tashkil etadi. Undan keyingi o‘rinlarda Fransiya (402 000), Italiya (355 000), Shvetsiya (328 000), Avstriya (173 000) va Gretsiya (83 000) davlatlari turadi.
O‘rta Yer dengizi orqali Yevropaga borayotgan muhojirlar oqimi 2015-yilga nisbatan ancha kamaygan bo‘lsa-da, hamon davom etib kelmoqda. 2015-yilda dengiz orqali 1 million muhojir Yevropaga kelgan bo‘lsa, 2018-yilning dastlabki 16 haftasida bu ko‘rsatkich 18 939 tani tashkil qilgan. Ushbu vaqt mobaynida dengizda halok bo‘lganlar soni 570 nafarni tashkil qiladi. BMTning muhojirlar bo‘yicha oliy kommissariatning ma’lumotlariga qaraganda, 2018-yil davomida Yevropaga dengiz orqali kelganlar soni 107 192 nafarni tashkil qilmoqda. Dengizda halok bo‘lganlar soni esa 2 133 nafarni tashkil qiladi.
Statistik ma’lumotlarga qaraganda, muhojirlarning 85 foizi rivojlanayotgan mamlakatlar hisobiga to‘g‘ri keladi. Bunday muhojirlarni iqtisodiy muhojirlar qatoriga qo‘shish mumkin. Ular ish va ko‘p pul topish maqsadida Yevropaga kelgan. Qochoqlar lagerlarga joylashtiriladi va ularga maqom so‘rash uchun ma’lum vaqt belgilanadi. Qochoq maqomiga ega muhojirlar orasida Suriya va Eriteriyadan kelgan muhojirlar yetakchilik qilmoqda. Ularni qabul qiluvchi davlatlar orasida Germaniya yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, undan keying o‘rinda Fransiya bormoqda.
Maqola so‘ngida BMTning qochoqlar bo‘yicha oliy komissariyati tomonidan 2019-yil 10-yanvar holati bo‘yicha Yevropaga yil boshidan qancha odam kelgani haqidagi statistikani havola etamiz. Tashkilot hisob-kitoblariga ko‘ra yil boshidan 1 304 nafar muhojir Yevropaga kirib kelgan. Shundan 1 138 nafari dengiz orqali kelgan bo‘lsa, 166 nafari quruqlikdan kelgan.
Birgina maqolada butun muammoni qamrab olish juda mushkul. Shuning uchun, biz ba’zi raqamlarga murojaat qilish bilan kifoyalandik.
Muallif fikri tahririyat nuqtai nazariga mos kelmasligi mumkin.
Izoh (0)