Toshkent viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi va uning joylardagi bo‘lim, bo‘linmalari yo‘l-transport hodisalarining oldini olish va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida 10-yanvar kuni maxsus reyd o‘tkazdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Foto: O‘zA

Tadbirda asosiy e’tibor transport vositalarining texnik holatiga qaratilgan bo‘lib, amaldagi qoidalarga rioya qilmagan 194 nafar haydovchiga ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

Aniqlangan qoidabuzarliklarning 45 tasini transport vositasiga o‘rnatilgan gaz ballonining navbatdagi sinov muddati o‘tib ketganligi yoki gaz balloniga tegishli hujjatlari yo‘qligi, 49 tasini transport vositasini texnik nosoz holda boshqarish, 12 tasini esa ishlab chiqaruvchi zavod tomonidan nazarda tutilmagan holda transport vositasini o‘zboshimchalik bilan qayta jihozlagab boshqarish va boshqa ko‘rinishdagi qoidabuzarliklar tashkil etadi.

Xabarda aytilishicha, Toshkent viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi va uning joylardagi bo‘lim, bo‘linmalari tomonidan bu boradagi reydlar davom ettiriladi.