AQSh Moliya vaziri Stiven Mnuchin kongresschilar bilan uchrashganidan so‘ng Rossiyaning En+, “Rusal” a “Yevrosibenergo” kompaniyalariga qo‘yilgan sanksiyalarni olib tashlamoqchi ekanini ma’lum qilgan. Bu haqda Sputnik xabar qildi.
“En+, ‘Rusal’ va ‘Yevrosibenergo’ shunchaki Oleg Deripaskaning nazorati ostidagi kompaniyalar bo‘lgani uchun ularga nisbatan sanksiya e’lon qilingan edi. Bu korxonalar boshqaruv va qayta strukturalash borasidagi o‘zgarishlarni boshdan kechiryapti. Natijada ular Deripaskaning nazoratidan chiqib, uning ulushini qisqartiradi,” – deydi Mnuchin.
Mnuchinning so‘zlariga ko‘ra, En+, “Rusal” va “Yevrosibenergo” Deripaskaning nazoratidan chiqqanini kafolatlash uchun ishlarida shaffoflikni misli ko‘rilmagan darajaga olib chiqishni bo‘yniga olgan. Aynan shu tufayli bu kompaniyalar sanksiyalardan ozod bo‘ladi.
“Moliya vazirligi En+ va “Rusal”ni ehtiyotkorlik bilan nazorat qiladi. Agar ular belgilangan shartlarni bajarmasa, darhol chora ko‘riladi. Xatto sanksiya masalasi ham qayta ko‘rib chiqilishi mumkin,” – ogohlantirdi Mnuchin.
U, shuningdek, bu masala bo‘yicha kongress bilan ishlashni davom ettirishga tayyor ekanini ham bildirgan.
AQSh Kongressi yopiq majlislarida Demokratik partiya vakillari Mnuchinning bu ko‘rsatmasiga norozilik bildirgan.
“Bu Tramp ma’muriyatidan olgan eng yomon yopiq brifinglardan biri bo‘ldi,” – deydi vakillar palatasining spikeri Nensi Pelosi.
Pelosining aytishicha, AQSh rasmiylari, jumladan, Mnuchin ham, asosan xalqqa ma’lum bo‘lgan hujjatlarni o‘qib berish bilan shug‘ullanadi. Bunga esa kongress a’zolari “vaqtni isrof qilish” deb qaraydi.
“Faqatgina bu safar demokratlarga kompaniyalar bo‘yicha AQSh razvedkasining xulosasini ma’lum qildi,” – deydi spiker.
Lekin Pelosi demokratlar moliya vazirining sanksiya masalasidagi ko‘rsatmasini kongressda bloklashi haqida ma’lumot berishdan bosh tortdi.
AQSh 2018-yil aprelning boshida Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar e’lon qilgan edi. Jumladan, Oleg Deripaskani va u boshqaradigan En+ Group, “Gruppa GAZ”, “Bazoviy element” va “Rusal” kompaniyalarini “qora ro‘yhat”ga (SDN-list) kiritgan edi. Bu ro’yhatga kirgan kompaniyalarning AQShda aktivlari bloklanadi va Amerika fuqarolariga ushbu kompaniyalar bilan biznes qilish taqiqlanadi.
AQSh Moliya vazirligi avvaliga kompaniyalarning aksiyalarini sotishga bir oy, amaldagi shartnomalarni va kompaniyalar bilan aloqalarni tugatish uchun ikki oy muhlat bergan. Cheklovlar 7-maydan va 5-iyundan kuchga kirishi kerak edi. Keyin bu muddatlar bir necha bor uzaytirilib, oxirgisi 21-yanvargacha etib belgilangan edi.
Izoh (0)