O‘zbekiston budjet hisobining standarti (4-sonli BHS) “Valyuta kursi o‘zgarishining ta’siri” Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi, deb xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.
Ushbu tartib moliya organlari, g‘aznachilik bo‘linmalari, davlat maqsadli va boshqa jamg‘armalar hamda budjet tashkilotlarida chet el valyutasida operatsiyalarni yuritishni normativ tartibga solinishini belgilaydi.
Chet el valyutasidagi operatsiyalar budjet hisobida sodir etilgan vaqtda to‘lov kunidagi rasmiy kursi bo‘yicha milliy valyutada aks ettiriladi.
Quyidagilar tashkilotlarning chet el valyutasidagi operatsiyalari bo‘lib hisoblanadi:
- aktivlar, ishlar, xizmatlarni chet el valyutasida xarid qilish yoki sotish;
- chet el valyutasida to‘lanishi yoki olinishi belgilangan kreditlar yoki qarzlar;
- chet el valyutasidagi majburiyatlarni qabul qilish yoki majburiyatlarni qoplash;
- chet el valyutasida ifodalangan aktivlarni hisobdan chiqarish yoki qabul qilish.
Tashkilotlarning chet el valyutasida ifodalangan aktiv va majburiyatlari hisobot davrining so‘nggi ish kunida chet el valyutasida operatsiya amalga oshirilgan sanadagi rasmiy kurs bo‘yicha qayta baholashni amalga oshiradi.
Bunda, hisobot davrining so‘nggi ish kunida tashkilotlar yagona va shaxsiy g‘azna hisobvarag‘i, kassasi hamda boshqa hisob raqamlardagi chet el valyuta mablag‘larini, shuningdek chet el valyutasidagi moliyaviy aktivlarning qiymatini operatsiya sodir etilgan vaqtdagi rasmiy kurs bo‘yicha so‘mda ifodalaydi.
Izoh (0)