Andijon viloyati IIB tashabbusi bilan Andijon shahrida sportchi yoshlar va ularning murabbiylari ishtirokida yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olishga bag‘ishlangan uchrashuv-muloqot o‘tkazildi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
O‘tkazilgan ochiq muloqot davomida yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar oldini olish, jinoyatning kelib chiqish sabablari, uning huquqiy oqibatlari atroflicha tushuntirildi. Uyushmagan yoshlar orasida sport musobaqalarini tashkil etish orqali sport o‘yinlarini ommalashtirish, bu borada xalqaro musobaqalar g‘oliblari ishtirokida ommaviy sport tadbirlarini o‘tkazish rejalashtirildi.
Shuningdek, uchrashuvda Andijon shahrida tashkil etilgan “Xavfsiz shahar” konsepsiyasini qamrab olgan tadbirlar davomida “Fidokor yoshlar” jamoatchilik patrul guruhida faol qatnashib kelayotgan sportchi yoshlar alohida e’tirof etildi. Tadbir so‘ngida murabbiylar o‘zining qo‘l ostidagi sportchilarni doimiy ravishda nazorat qilishi va ularning bo‘sh vaqtlarida kimlar bilan muomalada bo‘layotganligiga qiziqib, to‘g‘ri yo‘nalishda tarbiya topishida mas’uliyatni yanada kuchaytirishi, bir so‘z bilan aytganda, ringdagi ko‘nikma ko‘chadagi mushtumzo‘rlikka aylanmasligi lozimligiga alohida urg‘u qaratishi ta’kidlandi.
Izoh (0)