Shu kunlarda Xitoyning Sian shahrida O‘zbekiston mahsulotlarining ko‘rgazma maydoni ochilishi kutilmoqda. Bu haqda Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki huzuridagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi matbuot xizmati ma’lum qildi, deb yozadi O‘zA.
Qayd etilganidek, jamg‘arma vakillari Xitoyning Shanxay shahrida 5—10-noyabrda o‘tkazilgan xalqaro China International Import Expo 2018 ko‘rgazmasida ishtirok etgan.
Mazkur ko‘rgazmada O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan eksportbop mahsulotlar, xususan qandolat mahsulotlari, quritilgan mevalar, tayyor tekstil, alkogol mahsulotlari namoyish qilingan. Shuningdek, tadbir doirasida O‘zbekiston tadbirkorlariga o‘z mahsulotlari va xizmatlarini tashqi bozorga olib chiqish, marketing tadqiqotlari o‘tkazish, tovar reklamasi va brendlashtirish yordamida xaridor topishga ko‘maklashish maqsadida jamg‘arma va “Shansi” erkin savdo zonasi ma’muriyati o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston mahsulotlarining Xitoy bozorlariga eksport qilinishi yuzasidan muzokaralar olib borilgan. Tomonlar o‘tkaziladigan ko‘rgazma, yarmarkalar hamda Xitoy bozori bo‘yicha marketing tadqiqotlari bilan muntazam ravishda ma’lumot almashish haqida ham kelishuvga erishgan. Shuningdek, Xitoy savdo zonasi ma’muriyati tomonidan jamg‘armaga beg‘araz 500 kvadrat metr ko‘rgazma maydonda show room uchun joy ajratilgan. Hozirgi vaqtda show room’ning qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda. 30-noyabrga qadar ko‘rgazma maydonini milliy va eksport mahsulotlari bilan to‘ldirish rejalashtirilgan.
Sian shahrini Markaziy Osiyo va Yevropa bilan bog‘laydigan “Chanyan” xalqaro yuk tashuvchi poyezdi orqali O‘zbekiston mahsulotlarini “Shansi” erkin savdo zonasiga tez va qulay yetkazib berish mumkin. Bunda Direksiya tomonidan 50 foiz chegirma taqdim etilmoqda. Shu munosabat bilan jamg‘arma Xitoy bozorida o‘z mahsulotlarini sotish va qo‘shimcha reklama qilishni xohlagan barcha mahalliy xo‘jalik yurituvchi subyektlarni hamkorlik qilishga taklif etadi.
Jamg‘arma Xitoyning Shansi provinsiyasida yana bitta vakolatxona ochishni rejalashtirgan.
Izoh (0)