Qashqadaryo viloyati Koson tumani MIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tekshirishda fuqaro Yunusjon Jalolov uyida yashirin sex tashkil etganligi aniqlandi. Bu haqda byuro matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Dastlab fuqaro MIB xodimlari, mahalla posboni va mahalla uchastka noziridan iborat ishchi guruhni uyga kiritishni istamay qarshilik ko‘rsatgan, baland ovozda ularni har xil gaplar bilan haqoratlagan. Bundan foyda bo‘lmagach, ularni uydan bolta bilan quvib chiqarmoqchi bo‘lgan.
Aniqlanishicha, Koson tumani “Araliq” mahallasida yashovchi fuqaro Yunusjon Jalolov yashash uyining yordamchi xo‘jalik binosida yashirin ravishda qo‘lbola usulda tayyorlangan sex tashkil qilib, chigitdan yog‘ hamda kunjara mahsulotlar ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan hamda 112 litr iste’molga yaroqsiz juvoz yog‘i va 13 turdagi jami 3 566 264 so‘mlik mahsulot tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.
Bundan tashqari, fuqaro elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan noqonuniy ravishda ulanib, 32 kun davomida davlat va jamoat manfaatlariga 3 247 949 so‘mlik zarar yetkazgan.
Fuqaroga nisbatan chigitdan olinadigan mahsulotlarni qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish va muomalaga kiritish jinoyatini sodir etganligi sababli O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 1862-moddasi hamda hokimiyat vakilining qonuniy harakatiga qarshilik ko‘rsatganligi sababli shu Kodeksning 219-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)